Senat Trampning impichmenti bo‘yicha so‘nggi qarorni qabul qildi
Olam
−
14 fevral 2021
9705AQSH Kongressining Senati kecha, 13 fevral kuni sobiq Prezident Donald Trampning impichmenti bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi. Impichment jarayonida senatorlar Trampni oqladi.
Impichment e’lon qilish uchun ayblov hukmini 100 nafar senatordan kamida 67 nafari qo‘llashi kerak edi. Biroq impichmentni 57 senator qo‘llab-quvvatlagan, 43 senator unga qarshi chiqqan. Shu tariqa, demokratlarning Trampga impichment e’lon qilishga ikkinchi urinishi ham muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Trampning impichment jarayoni 6 yanvarda Vashingtonda tarafdorlari oldida so‘zlagan nutqi tufayli boshlangan. O‘sha kuni Trampni qo‘llash uchun poytaxtga yig‘ilgan minglab namoyishchilar Kongressga bostirib kirib,o‘tgan yilning 3 noyabrida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari natijalarini tasdiqlashga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishdi. Saylovda demokrat Jo Bayden g‘alaba qozongandi.
Vakillar palatasida Trampga birgina – isyonga chorlash ayblovi qo‘yilgan. Senatdagi jarayonda Vakillar palatasi a’zolari ayblovchilar, senatorlar esa hukm chiqaruvchilar sifatida ishtirok etishdi.
Vaziyatning misli ko‘rilmagan jihati shundaki, AQSH tarixida birinchi bor bir Prezidentga nisbatan ikki marta impichment e’lon qilindi.
Demokratlar ilk bor 2019 yilda Tramni hokimiyatdan chetlatishga uringandi. O‘shanda quyi palata Trampga ayblov qo‘ygandi, biroq respublikachilar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Senat Prezidentni oqlagan.