Senat norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Republikasi Oliy majlisi Senatining qirq birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi hamda senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda bugun, 1 iyun kuni Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Qonun aholining bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, norasmiy bandlik ulushini qisqartirish, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Qonun bilan Soliq kodeksiga va “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risidagi” Qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq summasining amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan, endilikda yillik bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir barobari miqdorida soliq to‘lashi belgilanmoqda.

Shuningdek, kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar), issiqxona, parrandachilik (bedana, kurka, g‘oz, o‘rdak), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli bo‘lgan tomorqa yer uchastkasi maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat’iy nazar ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni to‘lashga ruxsat etilishi belgilanmoqda. Shu sababli “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonundan yer uchastkasi maydoniga qo‘yilgan talablar chiqarib tashlanmoqda.

“Qonunning qabul qilinishi mahallalarda ishsizlikni kamaytirish va norasmiy bandlikni qisqartirishga, rasmiy bandlar soni oshishiga hamda fuqarolarning ish stajiga ega bo‘lishiga va pensiya yoshiga yetganda o‘zi uchun maqbul pensiyaning ta’minlanishiga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Senat bandlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing