Senat islomiy bank faoliyatiga oid qonunni ma’qulladi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur qonun bilan 2 ta kodeks hamda 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.

Xususan, qonun bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya turi joriy qilinib, unga oid talablar belgilanmoqda. Jumladan, mazkur litsenziya bilan banklar tomonidan to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshirish yoki bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shuningdek, islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish hamda uning faoliyatiga doir talablar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, islomiy moliya operatsiyalarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib, Soliq kodeksiga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilovchi alohida bob kiritilmoqda. Unga asosan islomiy moliya faoliyatidan olingan daromadlar soliq solish maqsadlarida foizli daromadlarga tenglashtirilib, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama QQSdan ozod qilinmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga, mamlakatda raqobat muhitining yaxshilanishiga hamda bank-moliya sohasiga yangi strategik investorlarning kirib kelishiga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qullagan.


Maqola muallifi

Teglar

islomiy bank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing