“Sen o‘g‘il farzand tug‘maysan”. Navoiylik ayol o‘zi va 3 farzandini nega o‘ldirmoqchi bo‘ldi?
Jamiyat
−
27 mart 2021
9426Avvalroq, joriy yilning 21 mart kuni Navoiyda 31 yoshli ayol o‘zi va 3 nafar qizini poyezd tagiga tashlamoqchi bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hodisa sabablarini o‘rganish maqsadida Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova Navoiy viloyati hokimligiga xat bilan chiqdi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, 1989 yilda to‘g‘ilgan Z.J. va uning farzandlari poyezd ularga yaqinlashib kelgan vaqtda temir yo‘l iziga yugurib chiqib, ikkita rels orasiga yotib olgani oqibatida yuk poyezdi ularni urib yuborgan.
Fuqaro Z. Jabborovaning yaqin qarindoshlari bilan suhbatlashilganda, oilaviy sharoiti moddiy jihatdan o‘rtaholligi, so‘nggi vaqtlarda u bilan turmush o‘rtog‘i O.Ro‘ziyev “Sen o‘g‘il farzand tug‘maysan”, deb janjallashib turgani sababli, uning ruhiyatida o‘zgarishlar bo‘lgani, lekin qolgan oila a’zolari yoki boshqa shaxslar bilan kelishmovchilikka bormagani, ruhiy jihatdan sog‘lomligi, yaqin qarindoshlari orasida ruhiy kasallik belgilari mavjud bo‘lganlar yo‘qligi aniqlangan.
Ushbu mahalla patronaj hamshirasining bergan ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro Z.Jabborova joriy yilning yanvar oyida homiladorligi tufayli murojaat qilgan. U tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, ushbu homila ham qiz ekani aniqlangan. Natijada ayol o‘z xohishi bilan homilasini oldirib tashlagan.
Bundan tashqari, fuqaro Z.Jabborova oilasidagi kelishmovchilik yuzasidan biror marotaba MFY xodimlariga yoki tuman IIB profilaktika inspektoriga murojaat qilmagani aniqlangan.
Ayni vaqtda Navoiy transport prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Mazkur holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan.
Navoiy viloyati IIB ma’lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda tug‘ilgan uning qiz farzandi uning qo‘lidan chiqib ketadi, 2016 va 2018 yilda tug‘ilgan farzandlari esa oldida qoladi. Poyezdning urishi oqibatida ayol hamda 2016 yilda tug‘ilgan qizi peshona qismidan tan jarohati oladi.
Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ayol vafot etdi. 2016 yilda tug‘ilgan farzandi hozirgi kunda tuman tibbiyot birlashmasida muolajalarni olmoqda.
LiveBarchasi