Selena Gomes yana bir dardga chalindi
Madaniyat-san’at
−
07 noyabr
35697Amerikalik 32 yoshli xonanda Selena Gomesga ortiqcha bakterial o‘sish sindromi tashxisi qo‘yildi. Bu haqda “The Star” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Selena Gomes joriy yilning oktyabr oyida Los Anjelesda bo‘lib o‘tgan “Emiliya Peres” filmining konferensiyasiga tashrif buyurgan. Tabiiyki, qo‘shiqchining muxlislari uni suratga olgan va ularni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan. Xususan, tarmoq foydalanuvchilaridan biri xonandaning tashqi ko‘rinishidan norozi bo‘lgan videoni tarmoqqa joylagan. Boshqa foydalanuvchilar ham munozaraga qo‘shilgan va yulduzni ortiqcha vazn yig‘ishda, qomatiga bee’tiborlik qilishda ayblangan.
Bunga javoban Selena izohlarda buning sababini tushuntirgan.
“Menga ortiqcha bakterial o‘sish sindromi tashxisi qo‘yilgan. Vaqti-vaqti bilan kasallik yomonlashib boradi. Ozg‘in ko‘rinishda bo‘lmasam ham, mayli, menga baribir. Tanam go‘zal bo‘lishi shart emas. Vassalom! Yo‘q, men qurbon emasman, shunchaki oddiy odamman”, deya Gomes salbiy izohlarga javob bergan.
Gomes yozgan sindrom belgilariga qorin dam bo‘lishi, oshqozon og‘rishi va ovqat hazm qilish tizimidagi muammolar kiradi.
Ma’lumot uchun, Gomes yaqinda sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli farzand ko‘ra olmasligini aytgandi. Kelajakda u muqobil usullarga – asrab olish yoki surrogatlikka murojaat qilishni rejalashtirmoqda. Qo‘shiqchi bemorligiga qaramasdan sevgilisi Benni Blanko bilan baxtli hayot kechirmoqda.