Farg‘onada gaz uzilganiga qarshi norozilik uyushtirgan zavod xodimlari qamaldi
Jamiyat
−
09 dekabr 2022
42970Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada sanoat korxonalaridan gaz uzib qo‘yilishi natijasida 10 minglab aholi ishsiz qolgani va ular gaz ulab berilishini so‘rab, ko‘chaga chiqqani haqida videoxabarlar tarqaldi. Mazkur holatga Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 29 noyabr kuni aholiga tabiiy gazni ko‘proq yetkazib berish maqsadida O‘zbekiston tumani, Sho‘rsuv MFYda joylashgan “ALBUS” gips ishlab chiqaruvchi zavodi oldindan tuzilgan shartnoma shartlariga binoan tuman gaz idorasi tomonidan gaz quvuridan uzilgan.
“Joriy yilning 6 dekabr kuni zavodning 20 nafar ishchilari yuqoridagi holatni noto‘g‘ri talqin qilib, o‘zboshimchalik bilan jamoat tartibiga qarshi nozoriliklarni uyushtirgan”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston tuman IIB tomonidan zavodning jami 7 nafar ishchilariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 201-moddasi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organiga taqdim qilingan.
Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudi 07.12.2022 yil kuni huquqbuzarlarning 1 nafariga 10 sutka, 6 nafariga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi