Saylov oldidan cheklovlar kuchaymoqda – CPJ O‘zbekistonda so‘z erkinligi bo‘g‘ilayotganini aytdi
Jamiyat
−
29 aprel 2021
9064Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) O‘zbekistonni yaqinda qabul qilingan Internetda “so‘z erkinligini cheklovchi” qonunchilikdagi o‘zgartishlarni bekor qilishga chaqirmoqda. Tashkilot inson huquqlari himoyasi guruhi kuzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Prezident saylovlari oldidan Internetda “cheklovlar kuchaymoqda”, deb hisoblaydi.
“Oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari yaqinlashayotgan payt rasmiylar yangi qonunlar to‘plami bilan so‘z erkinligi ustidan nazoratni kuchaytirishga intilayotganga o‘xshaydi, deydi qo‘mitaning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Gulnoza Said.
Uning fikriga ko‘ra, agar O‘zbekiston Hukumati dunyo ularning haqiqatan ham liberal islohotlarni amalga oshirishga intilayotganiga ishonishini istasa, matbuot erkinligini cheklaydigan va tanqidiy xabar yozganlarga jarima hamda qamoq muddati bilan tahdid qiladigan ushbu qonunlarni bekor qilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Prezidentni internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish uchun javobgarlik belgilandi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentini telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, kodeksga ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.
Unga ko‘ra, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki OAV, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni ko‘paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shundan so‘ng, birinchilardan bo‘lib Jizzaxda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ijtimoiy tarmoqlarda haqorat qilgan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Joriy yilning fevral oyida “Human Rights Watch” xalqaro tashkiloti O‘zbekiston parlamenti mamlakat jinoiy va ma’muriy kodekslari hamda “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga “so‘z erkinlini xavf ostiga qo‘yuvchi, xavotirli o‘zgartishlar” kiritishni ko‘rib chiqilayotganidan xavotir bildirgandi.
LiveBarchasi