Saylov natijalaridan norozi muxolifat Tbilisida mitingga chiqdi
Olam
−
28 Oktabr
3327Gruziya poytaxti Tbilisidagi parlament binosi oldida saylov natijalariga qarshi miting boshlandi. Bu haqda mahalliy OAV xabar berdi.
Aksiya mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvilining chaqirig‘i bilan tashkil etilgan. Namoyishchilar qo‘llarida Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlari, shuningdek, bannerlar ko‘tarmoqda. Namoyishchilar Rustaveli xiyobonida to‘planib, u bo‘ylab mashinalar harakatini to‘sib qo‘yishdi.
Xabar qilinishicha, Gruziya Ichki ishlar vazirligi rahbariyati parlament binosiga maxsus kuchlarni kiritgan. Parlament binosi oldida vaziyat tinch.
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili mamlakatdagi parlament saylovlari natijalariga qarshi namoyishchilar konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishni rejalashtirmagani va bunday rejalarni qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi.
Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili ham o‘z murojaatida barchani mitingga chaqirdi.
Avvalroq Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili mamlakatda o‘tkazilgan parlament saylovlarini “noqonuniy” deb atagan edi. Davlat rahbari fuqarolarni norozilik namoyishlariga chiqishga chaqirdi.
“Bu saylovlarni tan olish mumkin emas. Bu Rossiyaning bu yerga kelishini, Gruziyaning Rossiyaga bo‘ysunishini tan olish bilan barobar. Saylovlar butunlay soxtalashtirilgan va men mustaqil institut sifatida ularni tan olmayman”, dedi Zurabishvili.
Siyosatchining fikricha, saylovlar butunlay soxtalashtirilgan.
Respublika Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 53 foiz ovoz to‘plagan, bu esa partiyaga hukumatni yakkaxon shakllantirish imkonini beradi. G‘arbparast muxolifat ittifoqi esa 37,58 foiz ovoz olgan. 5 foizlik chegaradan o‘tgan muxolif siyosiy kuchlar yangi parlamentda ishlashdan bosh tortdi va ichki muzokaralardan so‘ng norozilik namoyishlarini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH va Yevropa Ittifoqi Gruziyadagi parlament saylovlarida aniqlangan qonunbuzarliklar va saylov jarayoniga da’vo qilingan aralashishlarni tergov qilishga chaqirgandi.
LiveBarchasi