Saylov natijalari qachon e’lon qilinadi va u haqiqiy emas deb topilishi mumkinmi?
Jamiyat
−
22 dekabr 2019
17245Ko‘pchilikda saylov natijalari qachon e’lon qilinadi, natijalar qanday belgilanadi, saylovda ko‘pchilik ishtirok etmasa, natijalari qanday bo‘ladi, saylov haqiqiy emas deb topilishi uchun qonunchilikda qanday asoslar mavjud, degan savollar tug‘ilmoqda. Shularni inobatga olib quyida mazkur savollarga javob berishga harakat qilganmiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov yakunlariga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasining qarori saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay qabul qilinadi. Natijalar Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda e’lon qilinadi (hammaga ma’lum qilinadi).
Mahalliy Kengashga o‘tkazilgan saylov yakunlari to‘g‘risidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay qabul qilinadi va matbuotda e’lon qilinadi, shuningdek ommaviy axborot vositalarida hammaga ma’lum qilinadi.
Saylov natijalarini belgilash qanday amalga oshiriladi?
Saylov kodeksiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalarining o‘ziga kelib tushgan bayonnomalari asosida:
1) O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha yoki viloyat, tuman va shahar bo‘yicha saylovchilarning umumiy sonini;
2) saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini;
3) ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini;
4) har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;
5) haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.
Saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi. Saylov, agar unda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning o‘ttiz uch foizidan kami ishtirok etgan bo‘lsa, o‘tmagan deb topiladi.
Saylov haqiqiy emas deb topilishi mumkinmi?
Saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va saylov yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida bu qaror ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
Mahalliy Kengashlarga o‘tkazilgan saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va ovoz berish yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida bu qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun — okruglar bo‘yicha ham) saylov haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shunday uchastkalar (okruglar) bo‘yicha ovoz berish natijalari, agar bu natijalarsiz ham saylov umuman bo‘lib o‘tgan deb topilishi mumkin bo‘lsa, tegishli komissiyaning qaroriga binoan saylovning umumiy natijalaridan chiqarib tashlanadi.
Tegishli saylov komissiyasi ovoz berish yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzadi va qaror qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyatlar, shahar va tuman kengashlariga deputatlar saylovi O‘zbekistonda soat 20:00 da yakunlanadi.