Saylov kodeksi ma’qullandi. Ayrim mahbuslar saylovda ovoz berishi mumkin bo‘ladi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi davom etmoqda. 

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama muhokama qildilar. 

Hujjatda fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlarini ta’minlash, Prezident, Oliy Majlis, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasi faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi saylov to‘g‘risidagi amaldagi qonun hujjatlari normalarini bir xillashtirish nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilinishi saylovga doir qonun hujjatlarini va saylov amaliyotini takomillashtirishga xizmat qiladi. Masalan, Saylov kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan normalarga ko‘ra Ekologik harakat vakillari uchun Qonunchilik palatasida deputatlar o‘rinlarini kvotalash instituti chiqarib tashlanadi, bunda Qonunchilik palatasidagi deputatlar o‘rinlarining umumiy soni (150 ta o‘rin) saqlab qolinadi.

Shuningdek Saylov kodeksida katta ijtimoiy xavfi bo‘lmagan jinoyatlar va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovda ishtirok etishi bo‘yicha cheklovlar olib tashlanmoqda.

Bundan tashqari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzodlar ko‘rsatish tartibi bekor qilinmoqda. Shu tariqa siyosiy partiyalar xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga nomzodlar ko‘rsatishda mutlaq huquqqa ega bo‘ladi.

Oliy Majlis Senati a’zolarini saylash tartibi qonunchilik yo‘li bilan belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxati amal qilishi tartibi qonunchilik darajasida tartibga solinmoqda, bu saylovchini “bitta saylovchi – bitta ovoz” prinsipi bo‘yicha faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi tatbiq etilishini ta’minlaydi.

Ham muddatidan oldin ovoz berish, ham saylov kuni ovoz berish uchun yagona hujjat – saylov byulleteni joriy etish orqali “saylov varaqasi” tushunchasi qonun hujjatlaridan chiqarib tashlanmoqda. Saylovchilarga o‘zi yoqlab ovoz beradigan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga belgilardan birini (+, , X) qo‘yish imkoniyati berilmoqda.

Saylov kodeksida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, tashkilotlar tomonidan uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar bo‘yicha takliflar kiritish tartibi belgilanmoqda. Nomzodlar tuman, shahar Kengashlari majlislarida muhokama etiladi va okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Ta’kidlanganidek, Saylov kodeksida saylov komissiyasi a’zolariga qo‘yiladigan talablar mustahkamlanmoqda. Jumladan, yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotga, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar saylov komissiyalarining a’zolari bo‘lishi mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda. Bunda saylov komissiyasi a’zolari boshqa saylov komissiyasi, siyosiy partiyalar a’zolari bo‘lishi mumkin emas. Hokimlar, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, nomzodlarga bevosita bo‘ysunadigan shaxslar saylov komissiyalari tarkibida bo‘lishi mumkin emas.

Saylov kodeksining qabul qilinishi umumiy qoidalarni yagona hujjatda birlashtirish va saylov jarayonining tartib-taomillariga oid masalalariga, shu jumladan uchastka saylov komissiyalari ishlariga aniqlik kiritish, saylov kampaniyasining oshkoraligi va ochiqligi prinsiplarini mustahkamlash imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Senat yalpi majlisi Saylov kodeksi

Baholaganlar

8

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing