Saylov byulletenini bir necha marta berganlik uchun javobgarlik belgilandi
Jamiyat
−
05 Sentabr
1642O‘zbekistonda bir necha marta saylov byulletenini berganlik uchun javobgarlik belgilandi. Tegishli qonun kecha, 4 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.
Unga ko‘ra, ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, saylov komissiyasining yoki referendum o‘tkazuvchi komissiyaning a’zosi tomonidan fuqaroga bir necha marta yoki boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun saylov (ovoz berish) byulletenini berganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Shuningdek, siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasiga oraliq yoki yakuniy hisobotni taqdim etmaganlik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaganlik yoxud hisobotda bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovi 2024 yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlari aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar va proporsional tizim asosida o‘tkaziladi. Deputatlarning 75 nafari majoritar tizim asosida, ya’ni saylovchilar o‘zlariga maqbul nomzodga ovoz berish yo‘li bilan, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim asosida, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi. Saylovda siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilandi.
LiveBarchasi