#SaveBukhara: jamoatchilik va mutaxassislar Buxorodagi soxta parodiyaga qarshi
Tahlil
−
15 yanvar 2023
12477#SaveBukhara! Ushbu chellenj joriy hafta ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikning asosiy e’tibor markazida bo‘ldi.
Bunga bir guruh buxoroliklarning Buxoro markaziy stadioni oldida Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqishi sabab bo‘ldi. Yo‘q, ular sovuqdan, gaz va chiroq o‘chishidan shikoyat qilmagan. Buxoroliklar o‘z shaharlaridagi madaniy meros ob’ektlarining buzib tashlanishidan norozi.
Odamlarning noroziligiga Buxoroda 2023 yilda turizm markazi qurish maqsadida shaharning Ibrohim Mo‘minov va Mustaqillik ko‘chalari atrofidagi barcha bino va inshootlar buzilishi rejasi sabab bo‘lmoqda. Ularning orasida yaqinda ta’mirdan chiqazilgan katta sport majmuasi ham bor.
“Ochofat oligarxlar va ularning xizmatidagi yugurdak vazirlarning Buxoroga ham, UNESCO va madaniy meros mezonlariga ham tupurib qo‘ygani bor”, degan murojaatchilar.
Viloyat madaniy meros boshqarmasi ham ushbu loyiha bo‘yicha xulosasini e’lon qilib, hozirgi kunda barpo etilishi rejalashtirilgan "Buxoro turizm markazi"ning umumiy maydoni 32,6 gektar ekani va bu to‘liqligicha Buxoro tarixiy markazining bufer zonasida joylashganini bildirgan.
“Mazkur hududda, Vazirlar Mahkamasining 04.10.2019 yildagi 846-sonli qaroriga asosan Milliy ro‘yxatga kiritilgan 2 ta madaniy meros ob’ektlari joylashgan. Bular 2012 yilda qayta tiklangan “Sallohxona” darvozasi hamda 1980 yida o‘rnatilgan Abu Ali ibn Sino byusti hisoblanadi”, deyilgan boshqarma xabarida.
Shuningdek, idora “Buxoro turizm markazi” bo‘yicha loyiha taklifi yuzasidan Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining xulosasini olish maqsadida ushbu loyiha taklifini qisqa muddatda Madaniy meros agentligiga taqdim etish maqsadga muvofiqligini eslatgan.
Shundan so‘ngina O‘zbekiston Qurilish vaziri Botir Zokirov Buxoroda matbuot anchumani o‘tkazdi va markaz qurilishida xalq va UNESCO bilan maslahatlashishga va’da berdi.
QALAMPIR.UZ Buxoro viloyat hokimligi tomonidan taqdim e’tilgan mazkur loyiha bo‘yicha soha mutaxassislarining fikri bilan qiziqdi. Ular rejalashtirilgan “Turizm markaz”ining arxitekturasi shaharning tarixiy qiyofasiga ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.
"Biz gapirganimiz bilan baribir bizga quloq solishmaydi"
Mavluda Yusupova, Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti Arxitektura bo‘limi boshlig‘i, professor:
— Agar shahar UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, unga kichik darajada bo‘lsa ham o‘zgartirish kiritish, albatta, UNESCO bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi shart. Yangi quriladigan bino hajm jihatidan uncha katta bo‘lmasa, tarixiy shaharning mavqeini tushurib qo‘ymasa, uning yonida uncha muhim bo‘lmagan qurilish ishlarini amalga oshirsa bo‘ladi. Lekin, katta hajmdagi bino yoki inshootni tarixiy shahar oldida qurish mumkin emas. Bundan tashqari, u yerda Sobiq Ittifoq davrida qurilgan binolar bor, ular ham me’moriy meros obidasi hisoblanadi. Biz har qanday davr bo‘lishidan qat’i nazar tarixiy qiyofa uchun obidalarni saqlab qolishimiz kerak. Bizning qanday qarorga kelishimizning ahamiyati yo‘q, oxirgi nuqtani UNESCO qo‘yishi shart.
Bugungi mahalliy mutaxasislarni shaxsan o‘zim bilaman, restavratsiya ishlarini butunlay yevroremont bo‘lib ketgan. Buni qat’iy qoralayman.Shu sababli bunday katta, nafaqat davlat, balki xalqaro darajadagi loyihani albatta kuchli, saviyali mahalliy mutaxasislar bilan maslahat asosida olib borish kerak. Ular o‘z hududlarini yaxshi biladi. Bu loyiha kichkina emas, shuning uchun katta e’tibor talab qiladi. Gapirganimiz bilan baribir bizga quloq solishmaydi. Negadir "xo‘rozqand chet elniki", desa yotib olib yalashadi. Shuning uchun men “ha” yoki “yo‘q” deyishdan zerikib ketdim, chunki bizning fikrimiz tinglanmasligiga aminman.
Misol uchun, Samarqanddagi turizm shaharchasida avval Xitoydan arxitektor olib kelishdi va ular dastlab Samarqandning tarixiy qismiga bevosita yangi shaharni qurmoqchi bo‘ldi. Mahalliy mutaxasislar bunga qarshi chiqdi, ammo inobatga olinmadi. Faqatgina UNESCO bunga ruxsat bermagani uchun qurilish hududi o‘zgardi. Ochig‘ini aytsam, Buxoroning ichida yangi bino qurib bo‘lmaydi, lekin qurilish ishlari kundan-kunga oshib boryapti. Qurilish jarayoni albatta UNESCO nazorati ostida bo‘lishi shart.
Bugun biz xavotir ostidamiz, hatto, Xivaning ichki qismida ham qurilish ketmoqda. Qadimgi ziyoratgohlar ham bugun ommaviy turizmga moslashtirilyapti. Bu yerda qabrlar, ziyoratgohlar bor. Bunday jarayonlarni amallab “to‘polon” qilib to‘xtatib qolganmiz. Biz mutaxasislar "bo‘lmaydi" deganimiz bilan, afsuski, ular o‘z bilganidan qolmaydi-da. Bizning yaxshi mutaxasislarimiz ularga maslahat berish uchun hech qanday mablag‘ so‘ramaydi, lekin chet eldan otni kallasiday pul to‘lab olib kelinadi. Aslida ularning maslahatlari bir tiyinga qimmat, chunki ular bizning mahalliy me’morchiligimizni bilmaydi.
Bu jarayonda hali loyiha berilmasdan, qaysidir kompaniyaga berish holatini esa “No comment” desak bo‘ladi.
"Madaniy merosga ziyon yetkazish – bu millatning yuziga tarsakidir!"
Tursunali Qo‘ziyev, Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari
— Ha, shaharlar rivojlanadi, o‘sadi. Unda yangi qurilishlar qilinadi. Lekin bularning hammasi arxeologlarning tavsiyalari bilan bo‘ladi. Bu ham pastdagi madaniy qatlamlarni himoya qilish, ham ularni munosib ravishda namoyish qilish imkoniyatini beradi.
Yer yuzida sanoqli shaharlargina 3 ming yillikda biron marta o‘zining o‘rnini o‘zgartirmagan. Shulardan biri – Buxoro! O‘z tarixi davomida qanchalik vayron qilingan bo‘lsa ham, qanchalik ko‘p bosqinlar bo‘lsa ham shahar o‘z o‘rnidan siljimay, qayta tiklanavergan. Shuning uchun bu shahardagi har qanday qurilish arxeologlarning jiddiy tekshiruvlari va xulosalaridan keyingina boshlanishi kerak.
Prezidentimiz bot-bot madaniy merosimizni avaylashimiz haqida gapiradi. 2022 yilda bu bo‘yicha 10 ta hujjat qabul qilindi. Shuning uchun agar madaniy merosga ziyon yetadigan bo‘lsa, bu millatning yuziga urilgan tarsaki bo‘ladi. Yana qaytaraman, bunga olimlar, mutaxassislar, arxeologlar jalb etilib, ularning xulosalari olinishi shart!
"Eng katta xato arxeolog va arxitektorlar orasidagi muloqotning buzilgani"
Feruz Subhonov, Toshkent Arxitektra-qurilish universiteti doktaranti:
— Aslida Buxoro qadimgi hudud bo‘lgani uchun u yerda turli uslubdagi binolarni qurish mumkin emas. Chunki tarixiy shaharlarda himoya hududi bo‘ladi. Bu loyihada hudud to‘g‘ri tanlangani bilan binoning uslubi shahar tarixiga ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. Bu borada albatta, aholi bilan gaplashish zarur. Bizda zamonaviy arxitektura mavjud bo‘lmasa-da, tarixiy arxitektura ancha rivojlangan. Bugungi kunda eng katta xato arxeolog va arxitektorlar orasidagi muloqotning buzilib qolganida.
"Turistik markaz"larini chekkaroqda, hech narsa yo‘q tomonda qurishsin"
Muhammadjon Foziliy, arxitektor-restavrator:
— Har bir inshootni qurishdan oldin qunun bo‘yicha birinchi navbatda arxeologlar ishlashi kerak. Agar u yerda qandaydir madaniy qatlamlar, eski binolarning qoldig‘i bo‘lmasa, o‘shandagina qurilish ishlarini olib borish mumkin. Shaharning o‘zida qurilishlar ko‘p bo‘ladi. Masalan, sizning uyingiz ta’mirtalab ahvolda. Siz agar yangi uy qurmoqchi bo‘lsangiz ham mutaxassislardan so‘rashingiz kerak. Ana shunda mutaxassislar loyiha bilan tanishib, qurilish qilish mumkin yo yo‘qligi, agar mumkin bo‘lsa necha qavat qurish kerakligini aytadi. Ikki qavatli qurilsa, buxorocha usulda qurilishini tavsiya qilib, xulosa beradi. Lekin shunda ham qurilish davomida qandaydir tarixiy binolarning qoldig‘i topiladigan bo‘lsa, davlat o‘sha uyni sotib olishi kerak.
Yangi qurilishlar doim eskilaridan baland bo‘ladi. Bu esa ko‘p hollarda tarixiy binoga ziyon yetkazib qo‘yadi.
Buxoroda juda katta hududda qurilish qilish esa noto‘g‘ri. Chunki qurilishdan oldin arxeologik qazishmalarga ko‘p vaqt ketadi. Shuningdek, qurilish maydonining oldida qanaqa binolar borligi, qurilish ishlari o‘sha binolarga zarar yetkazmaydimi – o‘rganilishi kerak. Loyihani ham har kimning qo‘liga emas, Buxoroni yaxshi biladigan, shaharning har bir qarichini yaxshi tushunadigan kuchli mutaxassisga topshirish kerak.
Tarixiy maskanlar bitta organizmga o‘xshaydi. Unga etibor berilmasa, yo‘qolib ketadi. U boyishi kerak, har bir asrda yangi bino qurilishi keak! Barcha asr binolarini o‘zida mujassamlashtira olishi, Buxoro bilan uyog‘unlashishi kerak. Lekin u binolar o‘ziga xos va takrorlanmas bo‘lsagina tarixda qola oladi.
Agar shuni eplay olishsa, marhamat, markazda qurilish qilinsin. Yo‘qsa “turistik markaz”larini chekkaroqda, hech narsa yo‘q tomonda qurishsin. Boshqa ilojimiz yo‘q!
Shuningdek, Markaziy Osiyo madaniy merosini himoya qilish, uning talon-toroj va yo‘q qilinishining oldini olish nodavlat xalqaro tashkiloti ham mazkur loyiha yuzasidan o‘z munosabatini e’lon qildi:
“Turizm markazi” – bu soxta tarixiy parodiya!
Alerte Helitage Madaniy meros nodavlat xalqaro tashkiloti:
— Nega shahar hokimiyati aholisi bilan shaffof va samarali maslahatlashuvlar o‘tkazmadi? Nega, mazkur shahar loyihasini ishlab chiquvchini tanlashda ochiq tender e’lon qilinmadi? Nega me’moriy loyihalar tanlovi bo‘lmadi?
Xuddi shu ssenariy O‘zbekistonning turli shaharlarida takrorlanishi madaniy merosni qurish va himoya qilish sohasidagi tizimli muammolarni ko‘rsatadi.
Merosni saqlab qolish haqida tashvishlanmaslik kerakdek tuyuladi, ammo oxir-oqibat, hukumatning va’dasi rejani UNESCO bilan muvofiqlashtirish bo‘ldi.Biroq, rasmiy muvofiqlashtirish tarli yemas. UNESCO faqat Jahon merosi ob’ektlarini saqlash tadbirlari uchun javobgar. Biroq, 1970-1980 yillardagi me’moriy yodgorliklar qurilish maydonchasida joylashgan bo‘lib, ular madaniy meros ob’ektlarining rasmiy ro‘yxatiga kiritilmagan va shuning uchun, ayniqsa, ular ko‘proq xavf ostida. Xususan, biz ikkita xokimiyatlar binolari haqida gapiramiz: shahar va viloyat.
Birinchisi 1970 yilda qurilgan va oxirgi marta rekonstruksiya qilingan bino Sovet Ittifoqi modernizmining yorqin yodgorligi bo‘lgan (Buxoro me’mori Zoirsho Qilichevning ma’lumotlariga ko‘ra).
Ikkinchisi, 1980 yillarning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning taniqli me’mori Richard Blesetning loyihasi bo‘yicha qurilgan bo‘lib, u me’morning saqlanib qolgan kam sonli asarlaridan biridir.
Tashqi ko‘rinishiga ko‘ra, klassik uslubda. Blesetning boshqa asarlari tubdan qayta qurilgan (Gosplan ) yoki sobiq Yoshlar uyi, Nashriyot uyi va sobiq Hisoblash Markazining asl ko‘rinishi yo‘qotilgan.
So‘nggi bir yarim yil ichida Toshkent modernizmining tuzilmalari O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan topshirilgan xalqaro me’morlar va tadqiqotchilar guruhining loyihasi doirasida har tomonlama o‘rganildi. Mutaxassislar binolarning saqlanish darajasini aniqladilar va ularga madaniy meros yodgorligi maqomini berish uchun zarur choralarni ko‘rishni talab qilishdi.
Amalga oshirilgan tayyorgarlik ishlari davlat tomonidan muhofaza qilinadigan Toshkent yodgorliklari ro‘yxatini qonuniy ravishda kengaytirishga va kelajakda rejalashtirilgan tiklash va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirishga sabab bo‘ldi. Biroq, bugungi kunda viloyatlar markazlarida ham tezroq bunday ishlarni amalga oshirish kerak. Chunki yaqin orada XX asrning modernistik arxitekturasi umuman qolmasligi mumkin. Toshkentda "Kinochilar uyi"ni buzish fojiasi buning yaqqol misoli.
Yangi majmuaning e’lon qilingan rejasida Buxoro xokimiyatining ikkala binosi ham o‘z joylarida qolmoqda, ammo bu xotirjamlik uchun sabab emas.
1990-2020 yillar davomida biz ko‘plab modernizmga xos bo‘lgan me’moriy yodgorlik namunalari yo‘qotilgan qayta qurish davrining guvohi bo‘ldik. 2010-2020 yillardagi nozik yo‘qotishlar orasida Toshkentdagi Markaziy bank va Tashqi ishlar vazirligi binolari bor. Bunday vaziyatda Buxoro xokimligining “Turizm markazi” ham soxta tarixiy parodiyaga aylanish xavfini tug‘diradi. Biz shahar va respublika hokimiyatini buning oldini olishga chaqiramiz. Shuningdek, biz fuqarolarning shaharda qabul qilingan qarorlarni muhokama qilishda ishtirok etish huquqini talab qilamiz. Ularning ovozi muhim va ularni eshitish kerak.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning 1 oktyabr kuni UNESCO'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sara Noshadi Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirokida “Buxoro turizm markazi” loyihasi uchun tanlangan yer maydonlari ko‘zdan kechirilganda, ushbu loyihani Buxoro tarixiy markazining bufer zonasidan 1,8 km uzoqlikdagi “Gulchorbog‘” MFY, Qalqon ko‘chasi yoqasidagi yer maydonida amalga oshirish maqsadga muvofiqligi bildirgandi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi