Saudiyada sun’iy intellekt shifokorlik qilishni boshladi
Olam
−
19 may
2377Xitoyning Synyi AI kompaniyasi Saudiya Arabistonining sharqiy Al-Ahsa mintaqasida Almoosa Health Group bilan hamkorlikda bemorlarga sun’iy intellekt yordamida tashxis qo‘yadigan dunyodagi birinchi klinikani ochdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, klinika joriy yilning aprel oyidan boshlab o‘z faoliyatini boshlagan. Innovatsion klinikada bemorlarni “Dr. Hua” deb nomlangan sun’iy intellekt asosida ishlovchi shifokor qabul qiladi. Bemorlar planshet orqali “Dr. Hua”ga kasallik alomatlarini ta’riflaydi. Shundan so‘ng sun’iy intellekt qo‘shimcha savollar beradi. Shuningdek, yurak ritmi va rentgen kabi ma’lumotlar va tasvirlarni tahlil qiladi. Konsultatsiya tugagach, “Dr. Hua” davolash rejasini taqdim etadi. U tayyorlagan davolash rejalari inson shifokor tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Sun’iy intellekt bajara olmaydigan shoshilinch holatlar uchun esa inson shifokorlar doim tayyor turadi.
Synyi AI ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu texnologiya sinov bosqichida 0,3 foizdan kam xatolik darajasini ko‘rsatgan.
“Sun’iy intellekt ilgari shifokorlarga yordamchi bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa, endi biz so‘nggi bosqichga o‘tyapmiz. AI bemorlarni bevosita tashxislaydi va davolaydi”, degan Synyi AI bosh direktori Chjan Shaodyan.
Hozircha o‘nlab bemorlar ushbu xizmatdan bepul foydalangan va inson shifokor ham jarayonda ishtirok etgan. Chunki loyiha hali tajriba bosqichida. Ushbu pilot dastur orqali sun’iy intellekt tomonidan yig‘ilgan tashxis ma’lumotlari keyinchalik Saudiya rasmiylariga topshiriladi. Shundan so‘ng 18 oy ichida tasdiqlansa, ushbu xizmat tijoratlashadi.
Hozircha “Dr. Hua” faqat nafas olish yo‘llari bilan bog‘liq muammolar – astma, faringit kabi 30 ga yaqin kasalliklarni qamrab oladi. Kompaniya kelgusi yilda bu ro‘yxatni kengaytirib, nafas yo‘llari, ovqat hazm qilish va teri kasalliklarini qamrab oluvchi 50 ta kasallikni sun’iy intellekt orqali tashxislashni rejalashtirgan. Shuningdek, Synyi AI Saudiya Arabistonidagi boshqa shifoxonalar bilan hamkorlikda yaqin oylarda shunga o‘xshash boshqa klinikalar ochishni mo‘ljallamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Arab Amirliklari yangi qonun loyihasini ishlab chiqish, shuningdek, amaldagi qonunlarni qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartirishlar kiritish uchun sun’iy intellektdan foydalanishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. BAA hukumati sun’iy intellekt qonun ijodkorligini 70 foizga tezlashtirishini kutmoqda.
Jaloliddin Rahmonov
LiveBarchasi