Saudiya Eronning hujumlarini qoralab, Tehronni ogohlantirdi
Olam
−
28 fevral 8523 3 daqiqa
Bahrayn, Iordaniya, BAA va Qatar suverenitetining buzilishini keskin qoralaymiz hamda bu vaziyat jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantiramiz. Bu haqda Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
28 fevral kuni Eron Fors ko‘rfazidagi AQSH harbiy infratuzilmasiga yalpi zarba berishga o‘tdi hamda Qatar, Bahrayn, Quvayt va Birlashgan Arab Amirliklaridagi (BAA) strategik ob’ektlarga bir qator sinxron ballistik zarbalar bergandi.
Hujum mintaqadagi aksariyat mamlakatlar havo hududining zudlik bilan yopilishiga va Amerika aviabazalari hamda Beshinchi flotning logistika tuguniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbalar berilgani haqidagi xabarlar fonida tinch aholining zudlik bilan boshpanalarga evakuatsiya qilinishiga sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga, Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bazasi Kamyaran (Kurdiston viloyati) shahrida yo‘q qilingani haqida xabarlar bor.
Abu Dabida portlash ovozlari eshitilgani aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron raketalari Dubayda urib tushirilgan.
Ar-Riyodda ham portlash qayd etilgan. Ayrim OAV Eron ballistik raketalari Saudiya Arabistonidagi Shahzoda Sulton aviabazasiga zarba berganini yozmoqda.
Bahrayn AQSHning Beshinchi floti xizmat ko‘rsatish markazi raketa zarbasiga uchraganini tasdiqlagan.
Shuningdek, BAAning Al-Dafra aviabazasi va Quvaytdagi Ali Al-Salom aviabazasi ham zarbaga uchragani haqida xabarlar bor.
Vaziyat mintaqada keskinlashib bormoqda.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unfda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Live
Barchasi