Saudiya Arabistonidagi barcha maktablarda xitoy tili o‘rgatiladi
Olam
−
23 avgust 2023
4035Saudiya Arabistoni Ta’lim vazirligi podshohlikdagi barcha xususiy va davlat maktablariga xitoy tili dasturini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda “Saudi Gazette” nashri xabar berdi.
Aytilishicha, Saudiya Arabistoni maktablarida xitoy tili darslarini joriy etish to‘g‘risidagi qaror podshohlik valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning Xitoyga safari chog‘ida qabul qilingan. Valiahd shahzodaning tashrifi chog‘ida Ar-Riyod va Pekin podshohlikdagi maktab va universitetlarning barcha darajadagi o‘quv dasturlariga xitoy tilini kiritish rejasini ishlab chiqishga kelishib olgan.
Saudiya Arabistoni Ta’lim vazirligiga ko‘ra, maktablarda har yakshanba va dushanba kunlarining to‘rtinchi darsi xitoy tilini o‘rganishga bag‘ishlanishi kerak. Gazetaning yozishicha, butun podshohlikdagi ta’lim boshqarmalari ikkinchi sinf o‘quvchilari uchun ixtisoslashtirilgan sinflar doirasida xitoy tili dasturini amalga oshirishga tayyorlanmoqda.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Xitoy va Saudiya Arabistoni o‘rtasida turli sohalarda, xususan, iqtisodiyotda ikki tomonlama hamkorlik faol rivojlanmoqda. 2019 yil fevral oyida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Pekinga tashrif buyurdi, 2022 yil dekabr oyida esa Xitoy Raisi Si Szinpin podshohlikka bordi va bu tashrif davomida tomonlar strategik sheriklik to‘g‘risida bitim tuzdi.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni va Eron orasidagi aloqalar tiklanishida ham Xitoy vositachilik qilgan edi.
LiveBarchasi