Haydovchilarning malakasini oshirish tartibida o‘zgarish bo‘ladi
Jamiyat
−
02 yanvar 2020
9005Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.
Qaror bilan Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 23 fevraldagi 139-son qarori 3-bandining (Quyidagilarning malaka oshirishdan o‘tishi shartligi belgilab qo‘yilsin) ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilishi mumkin:
“yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilari, shu jumladan yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilar, avtotransport vositalarini qisqa muddatli ijara (prokat) va lizing asosida boshqarayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va boshqa jismoniy shaxslardan tashqari – ikki yilda bir marta;”.
Ushbu xatboshining amaldagi tahriri quyidagicha:
yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan shaxslar, avtotransport vositalarini qisqa muddatli ijara (prokat) va lizing asosida boshqarayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va boshqa jismoniy shaxslardan tashqari — ikki yilda bir marta.
Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 31 maydagi 408-son qarori 5-ilovasida 6-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“6. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli bo‘lgan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalarining haydovchilarini, shu jumladan yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarini malaka oshirish kurslariga yuboradilar va undagi ishtirokini ta’minlaydilar.”.
Amaldagi tahrir quyidagicha:
Mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilari malakasini oshirish kurslariga yuboradilar va unda ishtirokini ta’minlaydi.
LiveBarchasi