Saudiya Hukumatini tanqid qilgan ayol 34 yilga qamaldi

Olam

image

Joriy yilning 15 avgust kuni saudiyalik ayollar huquqlari himoyachisi Salma al-Shehab Twitter’dagi faoliyati uchun 34 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, 33 yoshli al-Shehab qamoqdan chiqqanidan so‘ng yana 34 yil Saudiya Arabistonidan tashqariga chiqmasligi kerak.

ALQST inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyadagi Lids universitetining doktoranti 2021 yil yanvar oyida hibsga olingan va 265 kun davomida ixtisoslashtirilgan jinoyat sudiga olib kelinmasdan so‘roq qilingan.

Avvaliga u o‘tgan yil oxirida olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi – hujjatlarga ko‘ra, al-Shehabning apellyatsiya arizasidan keyin bu muddat 34 yilga oshirilgan.

Saudiya Arabistoni prokuraturasi uni jamoat tartibini buzish, keng jamoatchilik xavfsizligi va davlat barqarorligiga putur yetkazmoqchi bo‘lganlarga yordam berish, Twitter’da yolg‘on va tuhmatga to‘la mish-mishlarni tarqatishda ayblagan.

Al-Shehabning sudga aytishicha, u oldindan ogohlantirmasdan, bir necha oy davom etgan tergovga yuborilgan, bir kishilik kamerada saqlangan. Hujjatlarda aytilishicha, ikki farzandning onasi suddan uning bolalari va kasal onasini parvarish qilish zarurligini ham inobatga olishni so‘ragan.

ALQST’ning Monitoring va aloqa bo‘limi rahbari Lina al-Hatloulga ko‘ra, al-Shehab o‘zining singlisi Lujayn al-Hatloulni qo‘llab-quvvatlagani uchun hibsga olingan. Uning Twitter’dagi akkauntida “Vijdon mahkumlari va dunyoning barcha mazlumlari uchun erkinlik” deb yozilgan tvit mavjud. 

Lina Al-Hatloul bayonotida keltirilishicha, bu “yovvoyi hukm” Saudiya Arabistoni rasmiylarining xotin-qizlarning mavqeini yaxshilashga qaratilgan huquqiy tizimdagi islohotlar haqidagi so‘zlarini masxara qiladi va “ular haligacha o‘z fikrini erkin bildirgan har qanday odamni qattiq jazolash bilan band ekanliklarini” isbotlaydi.

ALQST qirollik rasmiylarini Salma al-Shehabni ozod qilishga, unga qo‘yilgan barcha ayblovlar va har qanday qonuniy cheklovlarni olib tashlashga, inson huquqlari himoyachilarini ta’qib qilishni bas qilishga, fikr va so‘z erkinligi huquqini hurmat qilishga chaqirgan.

Joriy yilning 17 avgust kuni AQSH Davlat departamenti Matbuot kotibi Ned Prays idora ishni o‘rganayotganini aytdi.

“Ammo men buni umumiy masala deb ayta olaman va buni hech qanday ogohlantirishsiz va qat’iyat bilan aytishim mumkin: ayollar huquqlarini himoya qilish uchun so‘z erkinligidan foydalanish jinoyat deb hisoblanmasligi lozim”, deydi Davlat departamenti Matbuot kotibi Ned Prays jurnalistlar uchun bo‘lib o‘tgan brifingda.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni

Baholaganlar

704

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing