Sardor Umurzoqov nechta lavozimni egallab turadi? Vazirlik izoh berdi

Jamiyat

image

Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha bor O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov go‘yoki qo‘shimcha ravishda egallab turgan lavozimlari haqidagi xabarlar paydo bo‘lmoqda.

Vazirlik Matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Sardor Umurzoqov Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimida faoliyat yuritadi va boshqa barcha tilga olingan lavozimlar alohida lavozimlar hisoblanmaydi hamda bajariladigan vazifalar doirasida qo‘shimcha majburiyat va funksiyalarni nazarda tutadi.

Ta’kidlanishicha, Tarif va notarif tartibga solish Kengashi, JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha idoralararo komissiya va Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi kabi kollegial organlarga rahbarlik qilish Vazirlik vakolatiga kiradigan, biroq boshqa vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda mahalliy hokimiyat organlarining ishtirokini talab qiladigan masalalarni hal qilishga imkon beradi.

Qayd etilishicha, Sardor Umurzoqovning To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi, ATB “O‘zagroeksportbank”, “O‘zbekinvest” EISK AJ va boshqa shu kabi tashkilotlar Kuzatuv Kengashlarining raisi darajasidagi ishtiroki ushbu idoralarning eng yirik aksiyadori bo‘lgan Hukumat vakili sifatida yilda bir necha marta o‘tkaziladigan uchrashuvlar davomida faoliyatining natijalari va strategik yo‘nalishlarini muhokama qilish bilan chegaralanadi.

“Umuman olganda, ko‘plab mamlakatlarda shakllangan amaliyotga ko‘ra, yuklatilgan vazifalarni eng samarali tarzda bajarish hamda u yoki bu masalalarni hal etish doirasida turli idoralarning samarali muvofiqlashtiruvini ta’minlash maqsadida Hukumat a’zolari turli kollegial organlar va komissiyalar tarkibiga kiradilar”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Sardor Umurzoqov

Baholaganlar

442

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing