“Sardoba ishi” yuzasidan tergov 4 ta versiya bo‘yicha olib borilyapti – BP
Jamiyat
−
16 may 2020
13626“Sardoba” suv ombori to‘g‘onining yorilishi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov 4 ta versiya bo‘yicha olib borilyapti. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Xalqaro press-klubning Sardobadagi fojiaga bag‘ishlangan sessiyasida aytib o‘tdi.
Shamsutdinov DXX tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki ma’lumotlarni berib, ob’ekt buyurtmachisi “Sirdaryosuvqurilishinvest” DUK ekanini, bosh pudratchi sifatida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ qarashli O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” unitar korxonasi qatnashganini ma’lum qildi. Qurilish ishlariga 28 ta subpudratchilar jalb qilingan. Loyihachi sifatida “O‘zGIP” MCHJ ishtirok etgan. Loyiha qiymati 1,2 trln so‘mga teng bo‘lgan va mablag‘lar byudjetdan ajratilgan.
Jinoyat ishi doirasida fojia sababi yuzasidan asosiy 4 ta tergov versiyasi bo‘yicha tergov olib borilmoqda:
1. Loyihalashdagi xatoliklar;
2. Qurilish me’yorlariga rioya etmaslik;
3. Ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar;
4. Tabiiy ofat.
Hozirda 4 ta versiyani tekshirish yuzasidan tegishli ekspertizalar, taftish va tekshirishlar tayinlangan. Bugungacha 170 kishi tergov guruhi tomonidan so‘roq qilinib, suv omborini loyihalashtirish, uning qurilishi va ekspluatatsiya qilish jarayonlari to‘g‘risida ko‘rsatmalar olingan. Jinoyat ishi doirasida 10 dan ortiq ekspertiza va laboratoriya tahliliy-tadqiqotlari tayinlangan.
Shu jumladan, suv ombori to‘g‘oni loyihaga mos ravishda qurilgani, eksplutatsiya qoidalariga rioya etilgani, hisobotlarda aks ettirilgan eksplutatsiya xarajatlari va ularning haqiqatda bajarilgani, moliyaviy ho‘jalik hisobotlari to‘g‘ri yuritilgani tekshirilmoqda. To‘g‘onning hozirgi holatini o‘rganish, suv va tuproqning fizik xossalarini aniqlash maqsadida taftish va nazorat o‘lchovlari taiynlangan.
Qurilish ishlaridagi materiallarning sifatini aniqlash maqsadida sudga oid qurilish-texnikaviy ekspertiza tayinlangan. Bundan tashqari, jinoyat ishi bo‘yicha 25 tadan ziyod tegishli idora vakillaridan iborat mutaxassislar jalb qilingan bo‘lib, hozirda tadqiqotlar olib borilmoqda. Gidrotexnik inshootlarni qurish va ekspluatatsiya qilish sohasi mutaxassislarini jalb qilgan holda to‘g‘onning ichki va tashqi qismi ko‘zdan kechirilib, unga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan holatlar ham o‘rganilmoqda.
Shu bilan birga tergov guruhi va Hukumat komissiyasi hamkorligi yo‘lga qo‘yilib, yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda. Tergov ishlari davom etyapti.
LiveBarchasi