Sardoba toshqinidan jabrlangan fuqarodan pora olgan mahalla raisiga hukm o‘qildi

3-sahifa

image

Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv omborida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida jabr ko‘rgan fuqarodan pora olgan mahalla raisiga 2 yil-u 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud Matbuot kotibi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani “Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi B.D.ning “Sardoba suv ombori” to‘g‘oni yorilishi oqibatida yashash xonadoniga jiddiy zarar yetgan. U yashashga sharoiti yo‘qligini mahalla fuqarolar yig‘iniga kelib ma’lum qilish bilan birga uy-joy qurish uchun yer uchastkasini ajratishda ko‘mak so‘ragan.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sh.B. esa yer uchastkasini ajratish o‘zining vakolati doirasiga kirmasa-da, fuqaroga tuman hokimligida tanishlari borligi, ular yer ajratishda yordam berishini aytgan. Buning evaziga pora berish kerakligini ham ma’lum qilgan.

2020 yil iyul oyida Oqoltin tumani, “Saxovat” mahallasida joylashgan dala shiyponida oqsoqol B.D. dan 300 AQSH dollari miqdordagi pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Ammo aytilgan ishni hal qilmay, mablag‘ni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Ikki karra jabrlangan fuqaro esa bu haqda huquq-tartibot organlariga ma’lum qilgan. Sirdaryo viloyati sudi raisining o‘rinbosari — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Bobosher Qurbonovning ma’lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan sud jarayoni bo‘lib o‘tgan.

Sud tomonidan sudlanuvchiga Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismining “v” bandi, 28, 211-moddasining 1-qismi bilan Jinoyat kodeksining 45, 59-moddalariga asosan 3 yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni mahalla raisi va mahalla idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, sutkaning soat 21:00 dan 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqishi cheklangan holda 2 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

110

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing