“Sardoba” suv omborini tiklash bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilindi
Jamiyat
−
16 fevral 2021
7809Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omoborini qayta tiklash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining yopiq (xizmat doirasida foydalanish uchun) qarori qabul qilingan. Bu haqda Qurilish vazirligining Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nasrullo Boboyev “Daryo”ga ma’lum qildi.
Boboyevning so‘zlariga ko‘ra, qaror asosida juda katta hajmdagi muhandislik-qidiruv ishlari davom ettirilib, laboratoriya tahlillari, ilmiy-texnik izlanishlar davom etmoqda.
Suv omborini qayta qurish bo‘yicha loyiha tashkiloti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra ob’ektda tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Biroq mas’ul qurilish muddatlarini ochiqlay olmasligini bildirgan.
“Sababi — bu yopiq qaror bilan belgilangan. Hukumat tomonidan grafik qilingan va mas’ul xodimlar belgilangan. Reja bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning biriktirilgan tashkilotlari o‘z ishini qilmoqda”, deydi Boboyev.
Xabar berilishicha, izlanishlar yakunlangach, to‘g‘onni tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan.
“Holat qo‘shni davlatlarga ham taalluqli bo‘lgani bois ilmiy o‘rganishlarga nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki chet el ilmiy-tadqiqot markazlari ham jalb qilingan. Bunda bir nechta mustaqil ekspertlar guruhi qilingan ishlar natijalarini tahlil qiladi va o‘z xulosalarini beradi. Shundan kelib chiqib, keyingi bosqich ishlari davom ettiriladi”, degan Nasrullo Boboyev.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilgan edi. Toshqin Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga jiddiy zarar yetkazgan. Sardoba toshqinidan jabrlangan aholi uchun qurilgan uylar qurib topshirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilgan uylarning jami narxi 855,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.
LiveBarchasi