“Sardoba” suv ombori nima maqsadda qurilgandi?
Jamiyat
−
01 mart 2021
19161Avval xabar berganimizdek, bugun, 1 mart kuni Qurilish vazirligida “Sardoba” suv omborini qayta tiklash bo‘yicha rejalar va amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev “Sardoba” suv ombori yorilishidan keyin respublikadagi gidroinshootlar tekshirilganini aytib o‘tdi.
“O‘tgan yili “Sardoba” suv omborida yuz bergan baxtsiz hodisa hammamiz uchun saboq bo‘ldi. Dastlab ikkita keyin yana to‘rtta guruh tuzilib, respublikamizdagi barcha suv omborlari, gidrotexnik inshootlar qaytadan ko‘rib chiqilib, yaqinda shular bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori chiqishi kutilyapti”, dedi vazir Shavkat Hamroyev.
U so‘zida davom etib “Sardoba” suv ombori o‘zi nega qurilgandi, degan savolga javob berdi.
“Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod, Arnasoy, Mirzacho‘l va Do‘stlik tumanlarida 142,6 ming gektar yer bevosita shu suv omboridan suv oladi. Suv omboriga suv keladigan hududlar bor. Bu 253,8 ming gektar – Sirdaryo va Jizzax viloyatining qator tumanlari suv oladi. Suv ombori jami 396,4 ming gektar maydonda suv ta’minotini yaxshilaydi. Suv ta’minoti yaxshilandi degani bu o‘rtacha ko‘p yillik 69 foizda bo‘lgan. Lekin suv kam bo‘lgan yillar mana shu 396 ming gektar maydonda suv ta’minti 60 foizdan ham pastga tushgan.
Bu loyiha natijasida suv ta’minoti 92-93 foizga yetdi. Albatta, bu 922 mln kub metrga mo‘ljallangan suv ombori. O‘shanda 922 mln kub metrga mo‘ljallab qurilganda ko‘p loyihachi, ekspertlar inshootni 1 mlrd 200 mln kubga moslab qurishimiz kerak degan. Chunki Sirdaryoda suv bor”, deydi vazir.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston qishda o‘zining energetik ehtiyojini qondirish uchun Qirg‘izistondan suv chiqaradi.
“Qishda oladigan me’yorimizdan ko‘proq suv o‘tib ketadi, shu sababdan suv toshqinlari, sellar bo‘ladi. Shunday vaziyatda suv ta’minoti eng og‘ir joylarda omborlar qurilsa, u suvni ushlab qolardi, keyin yozda ta’minot 60-70 foiz bo‘lgan joylarda suvni chiqarib 90-100 foizga yetkazilardi”, deya tushuntirdi mas’ul.
Vazirga ko‘ra, Sardoba suv ombori qurilguncha, ehtiyojlarni qondirish uchun shunday gidroinshootdan bir nechtasini qurishga yetarli mablag‘ sarflangan. Har yillik xarajatlarni kamaytirish uchun 20 ta suv ombori qurilish imkoniyati o‘rganilgan va 3-4 tasi ma’qullanib, qaror chiqarilgan.
Avvalroq, “Sardoba” suv ombori tiklanishi, jarayonga rossiyalik mutaxassislar ham jalb etilishi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi