Saratonga chalingan Pentagon rahbari shifoxonadan chiqdi
Olam
−
16 yanvar
3284Prostata saratoni tashxisi qo‘yilgan AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning davolanishi yakunlangani va u shifoxonadan chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Pentagon bayonot berdi.
"Tibbiy xodimlar bilan maslahatlashuvdan so‘ng, vazir Ostin bugun Valter Rid milliy harbiy tibbiyot markazidan chiqarildi", deyiladi rasmiy xabarda.
Qayd etish joizki, Mudofaa vaziri Ostinning shifoxonaga yotqizilgani kechikib e’lon qilinishi mamlakatda bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan.
Pentagon 5 yanvar kuni bergan yozma bayonotida, Ostinning 1 yanvar kuni shifoxonaga yotqizilgani va uning ahvoli yaxshi ekanini aytgan.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, yuqori martabali rahbarlar, jumladan Prezident Jo Bayden, shuningdek, Pentagon rasmiylari va Kongress a’zolari Ostinning sog‘lig‘i bo‘yicha muammolaridan bir necha kun o‘tib, xabar topgan.
Uzoq davom etgan munozaralardan so‘ng, Pentagon kotibi Ostin 2023 yil 22 dekabrda shifoxonaga yotqizilgani va operatsiyadan keyin uyiga javob berilgani, ammo muolaja asoratlari tufayli 1 yanvar kuni qayta shifoxonaga yotqizilgani haqida ma’lumot berdi.
Ostinning shifoxonaga yotqizilishi haqida yuqori martabali amaldorlar va jamoatchilikka, shu jumladan Oq uyga xabar berilmagani e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo‘mitasi Mudofaa vazirining "maxfiy" shifoxonaga yotqizilishi bo‘yicha rasmiy tekshiruv e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, Pentagon rahbari Lloyd Ostin Yamandagi husiylarning ob’ektlariga berilgan zarbalarni shifoxonadan nazorat qilgani aytilgandi.
LiveBarchasi