Sanksiya xavfi ostida qolgan Qirg‘iziston harakatga tushib qoldi

Olam

image

Qirg‘iziston sanksiyalar ro‘yxatidagi tovarlarning chegaralaridan o‘tishiga qarshi choralarni ko‘radi. Bu haqda mamlakat Vazirlar Mahkamasining raisi Oqilbek Japarov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi raisi AQSH ma’muriyati Qirg‘izistonga qarshi iqtisodiy choralar tayyorlayotganiga izoh bergan. Japarov Qozog‘istonga Xitoyda ishlab chiqarilgan dronlar Qirg‘iziston orqali olib kirilgani haqida asosli dalillar keltirilmaganini ta’kidlagan.

“Kelgusida sanksiyalangan tovarlar chegaramizdan o‘tmasligi va sanksiya ostida bo‘lgan joyga ketmasligi uchun choralar ko‘riladi”, deydi u.

Japarovdan AQSH tomonidan kiritiladigan iqtisodiy sanksiyalar Qirg‘iziston uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida so‘ralganda, savolga aniq javob berishning o‘rniga u mamlakat savdo shaffofligini ta’minlash orqali bunday xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha faol ish olib borayotganini bildirgan.

“Dunyodagi vaziyat juda tez o‘zgarmoqda, ayniqsa, yirik davlatlar nimanidir xohlasa. Biz to‘g‘ri yo‘nalishda ishlayapmiz. Shuning uchun ham men biznes vakillaridan so‘rayman – elektron hisob-fakturalarni oling, toki to‘satdan va tasodifan boshqa hech narsa sodir bo‘lmasin”, deydi Oqilbek Japarov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hukumati Rossiyaga qo‘llangan sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam bergani uchun Qirg‘izistonga nisbatan iqtisodiy choralarni ko‘rishga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgan edi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi esa mamlakat Rossiyaga joriy qilingan cheklovlarni buzmaganini iddao qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing