Kitob o‘qishni sevuvchi va shunchaki qarorlar bilan cheklanuvchi senatorlar (videoso‘rovnoma)

Intervyu

Yaqinda Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlardan oxirgi o‘qigan kitobi, unda qanday voqea tasvirlangani, asarning ijobiy taraflari haqidagi savollarimizga javoblar oldik.

Senator Feruza Eshmatovaning so‘nggi o‘qigan kitobi Makiavellining “Hukmdor” asari ekan. Eshmatova davlat boshqaruvida ishlayotgan shaxslar asardan boshqaruv sohasiga oid yaxshigina bilim olishi mumkinligini aytadi.

“Asarni o‘qiyotgan vaqtimda davlat xizmatida faoliyat olib boradigan shaxslar nimalarga e’tibor qaratishi lozimligi, adolat mezonlariga qanday rioya qilish kerakligi va boshqa shu kabi yaxshi fikrlarni o‘zim uchun yon daftarimga yozib boraman. Juda yaxshi asar”, deydi Eshmatova.

Senator Tolib Madumarov esa ayni vaqtda Prezident tomonidan qabul qilinayotgan nomativ-huquqiy hujjatlarni o‘qib borishni afzal ko‘rishini aytdi.

“O‘zim uchun birinchi navbatda o‘qiyotgan asarim bu – Prezidentimizning xalqimizga berayotgan qarorlari, farmonlari hisoblanadi. Hujjatlarni Amir Temur, Bobur va keyingi davrdagi allomalarning qilgan ishlari, o‘gitlari bilan solishtiraman. Prezidentimiz XIX-XX asrdagi davlat rahbarlari, tadbirkorlarning tizimini davlatimiz siyosatiga olib kira olyapti. Bu ham katta jasorat va mardlik talab qiladi. Davlat tomonidan har bir rahbar o‘rganishi kerak bo‘lgan takliflar bo‘lyapti. Bunga biz ham befarq bo‘lmasligimiz kerak. O‘zi qonunchilikda ancha-muncha asardan yaxshi asarlar yaratilyapti”, deya Madumarov o‘z fikrlarini bildirdi.

Xalq shoiri va senator Mahmud Toir hozirgi kunda Aziziddin Nasafiyning “Komil inson kitobi” asarini o‘qiyotganini aytdi.

“Bu kitobni yoshlarimizga o‘qib chiqishlarini tavsiya qilaman. Asarda inson qadr-qimmati, inson o‘zligini qanday anglaydi, dunyo qanday yaralgan va boshqa bilimlar mujassamlashgan”, deb kitob borasida o‘z fikrlarini ulashdi.

Yoshlar ittifoqi raisi va eng yosh senator Alisher Sa’dullayev o‘quvchilarga Stiven Kovinning “Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko‘nikmasi” asarini o‘qib chiqishni tavsiya qildi.

“Bu asarda inson muvaffaqiyatga erishish uchun tinmay mehnat qilishi, mehnat samaradorligini qanday oshirish va insonlar bilan qanday muomala qilib, o‘z oldiga reja qo‘yishi kerakligi haqida ma’lumot berilgan. Bu kitobni kim topib o‘qisa, albatta uning foydasini sezadi”, deydi Sa’dullayev.

Boyovut tuman hokimi va senator Dilfuza O‘rolova Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini qayta o‘qib chiqayotganini aytdi.

“Bu asarni har yosh ulg‘ayganda o‘qisangiz, bugungi hayotga bog‘liq jihatlarni ko‘rasiz. Yoshlik vaqtimizda asar qahramoni Zaynabni aybdor deb bilib kelganmiz. Zaynabni ham oqlaydigan jihatlari bor. U ham ayol va baxtli bo‘lishga haqqi bor deb o‘ylayman”, deydi ayol hokim.

Senator Shomansur Sagdullayev yaqinda fransuz yozuvchisi Marsel Brionining “Menkim, Sohibqiron – Jahongir Temur” kitobini mutolaa qilib chiqqanini aytdi. Unga ko‘ra, mazkur asarda davlatchilikning qonun-qoidalari, insonlar yashash tarzi qanday bo‘lish kerakligi, xalqqa bo‘lgan munosabatlar haqida barchasi batafsil yozilgan. Senator ushbu kitob o‘zbek va rus tilida mavjud ekanini aytib, yaxshilab o‘rganib chiqishni tavsiya qildi.

QALAMPIR.UZ muxbiri tomonidan berilgan savollarga boshqa bir senator Botir Matmurodov quyidagi mazmunda javob berdi: 

“Bu yil Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi nishonlanadi. Bu bo‘yicha bir qancha tarixiy asarlarni o‘qib chiqyapmiz. O‘zbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada hissasi ko‘p”, deydi Matmurodov. 

Yana bir senator Abdulla Xursanov Aleksandr Dyumaning “Graf Monte-Kristo” asarini o‘qib chiqishni maslahat berdi.

Afsuski, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi bosh direktori, Navoiy davlat konchilik instituti rektori Quvondiq Sanaqulov savollarimizga javob bermadi.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy Majlis Kitob

Baholaganlar

78

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing