Sanches o‘zboshimchalik bilan Zelenskiyni sammitga chaqirgani ortidan muammo chiqdi
Olam
−
14 iyul 2023 21819 1 daqiqa
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni hamkorlari bilan maslahatlashmagan holda Yevropa Ittifoqi – Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari hamjamiyatining (CELAC) sammitida ishtirok etishga taklif qildi. Bu haqda bugun, 14 iyul kuni ABS gazetasi xabar berdi.
Yevropa Ittifoqi va CELAC rahbarlarining uchrashuvi joriy yilning 17-18 iyul kunlari Bryusselda Ispaniyaning Yevropa Ittifoqi Kengashiga raisligi doirasida bo‘lib o‘tadi. Aytilishicha, sammit boshlanishiga bir necha kun qolgan bo‘lishiga qaramasdan, tomonlar hali ham qo‘shma yakuniy bayonot bo‘yicha kelishib olmagan. Bryussel endilikda na yevropalik, na lotin amerikalik hamkorlar bilan maslahatlashmasdan Zelenskiyni mustaqil ravishda uchrashuvga taklif qilgan Sanchesning ehtiyotsizligi tufayli yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini yumshatishga harakat qilmoqda.
Aytish joizki, Ukraina na Yevropa Ittifoqiga a’zo, na CELAC davlatlari bilan alohida aloqalarga ega. Shuningdek, Braziliya yetakchisi Luis Inasiu Lula da Silvaning Ukraina mojarosida teng pozitsiyani saqlab qolish istagini ham inobatga olish kerak. Bundan tashqari, Argentina ham Zelenskiyning sammitda ishtirok etish imkoniyatini qo‘llab-quvvatlamaydi.
Bryusseldagi EURActiv portali diplomatik manbalarga tayanib, Lotin Amerikasi va Karib havzasining 33 davlati yetakchilari YeIni Zelenskiyning sammitga taklifini bekor qilishga majbur qilgani haqida xabar bergan.
Nashrning Ispaniya hukumatidagi manbalariga ko‘ra, qirollik rasmiylari hali ham Ukraina Prezidentini sammitga qanday jalb qilish ustida ishlamoqda.