“Samsung” bilan hamkorlikda Sirdaryoda yirik korxona quriladi
Jamiyat
−
20 fevral 2019
6616Sirdaryoda “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Samsung Engineering” kompaniyasi bilan hamkorlikda ammiak va karbamid zavodi quriladi. Bu kecha, 19 fevral kuni Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrif davomida ma’lum bo‘ldi.
Umumiy qiymati 600 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur zavodda yiliga 400 ming tonna ammiak, 660 ming tonna karbamid ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. AQSH va Yaponiyadan eng zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatiladi, “nou-xau”lar qo‘llaniladi. 500 doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Zavod qurilishi uchun juda qulay joy tanlangani qayd etilmoqda, Boisi bu yerda tabiiy gaz manbai, elektr va suv ta’minoti tarmoqlari, avtomobil va temir yo‘llar bor.
“Sirdaryodagidek qulay infratuzilma hech qayerda yo‘q. Bunday imkoniyat zavodni qurish va barqaror ishlatishda qo‘l keladi, investorlarning qiziqishini oshiradi. Bu juda rentabelli, istiqbolli loyiha”, deydi loyiha bilan tanishgan Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbariga bo‘lajak korxonaning iqtisodiy samaradorligi, qurilish ishlari jadvali haqida ma’lumot berilgan. Prezident zavod mahsulotlari ichki talabni qondirish va tashqi bozorlarga chiqishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.
LiveBarchasi