Samolyot bortida tug‘ilgan xalq artisti vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
20 fevral
19807Sobiq Sovet respublikalarida katta shuhrat qozongan, O‘zbekiston televideniyesi va radiosi xalq cholg‘u asboblari ansambli solisti, Ozarbayjon va Tojikiston xalq artisti Laylo Sharipova kecha, 19 fevral kuni 94 yoshida Germaniyada vafot etdi. Bu haqda tojikistonlik jurnalist Odil Nozir o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.
E’tiborlisi, tojik estradasi asoschilaridan biri, mashhur “Gulshan” ansambli tashkilotchisi Laylo Sharipova 1930 yil 28 yanvarda Moskvadan Bakuga qaytayotgan samolyot bortida tug‘ilgan. Otasi Izmirda tug‘ilgan turk va onasi Erondagi ozarbayjonlardan bo‘lgan. Layloning bolaligi Eronning Mashhad shahrida o‘tgan va maktab tahsilini ham fors mamlakatida olgan. Oila 1950 yillarning ikkinchi yarmida Eronni tark etgan va o‘sha paytdagi Tojikiston SSRga ko‘chib o‘tgan.
Laylo Sharipova 1959 yilda Dushanbe musiqa bilim yurtini tamomlagan, respublika televideniye va radio qo‘mitasining badiiy jamoasida xonanda bo‘lib ishlagan va ayni paytda tojik radiosi dasturlarini fors tilida o‘qigan. Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston opera va balet teatrida solist bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. 1964 yilda Qo‘mita qoshida birinchi “Gulshan” estrada ansamblini tashkil etib, uning badiiy rahbari bo‘lgan.
Marhuma O‘zbekistonda Yevgeniy Jivayev rahbarligidagi O‘zbekiston televideniyesi va radiosi xalq cholg‘u asboblari ansambli, Ozarbayjonda Odil Bakirov rahbarligidagi “Xotira” xalq cholg‘u asboblari ansambli, Gulora Aliyeva rahbarligidagi “Tong yulduzi” cholg‘u asboblari ansambli jo‘rligida chiqish qilgan. 1962 yilda O‘zbekiston televideniyesida uning turli tillarda kuylagan taronalari suratga olingan. 1967 yilda Tojikistonni tark etgan xonanda birmuncha vaqt faoliyatini Ozarbayjonda davom ettirgan.
Sharipova Sovet Ittifoqi parchalangandan so‘ng Germaniyaning Dyusseldorf shahriga ko‘chib o‘tgan va vafotiga qadar o‘sha yerda umrguzaronlik qilgan.
Laylo Sharipova turk, ozarbayjon, o‘zbek, arab, hind, rus va boshqa tillarda ko‘plab qo‘shiqlar kuylagan. Tojik radiosi xazinasida “Jonona”, “Oyijonim”, “Ey gul shohi”, “Qora ko‘z”, “O‘zingda”, “Qaydasan”, “Maryamjon”, “Ogoh bo‘l”, “Peri shohi”, “Sahargohon” , “Bir kecha”, “Rayhon”, “Kel, do‘stim”, “Tojikiston madadkorim”, “Alla”, “Surmasiz go‘zallik”, “Ketdik, ketdik”, “Och sening ko‘zlar”, “Parijon”, “Hadya”, “Kutaman”, “Ey Mahi Indu”, “Guli Xandonam”, “Xalvaji”, “Oq kaptarim” kabi qo‘shiqlari saqlanib qolgan.
U so‘nggi yillarda Germaniyada ijod bilan shug‘ullanib, she’r va hikoyalar yozgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 fevral kuni taniqli klipmeyker Jasur Shametov vafot etgan edi.
LiveBarchasi