SamDUda dekan o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi
Jamiyat
−
01 aprel 2021
8519Samarqand davlat universitetida fakultet dekani o‘rinbosari 500 AQSH dollari pora olayotganda qo‘lga tushdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Samarqand viloyati IIB JQB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi va DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda 2021 yilning 30 mart kuni soat 16:00 da Samarqand shahar Pedagogika kolleji binosining kirish qismida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Samarqand Davlat Universiteti San’atshunoslik fakulteti dekani o‘rinbosari lavozimida ishlovchi 35 yoshli Sherzod P., o‘zining xizmat vazifasidan foydalanib, ushbu fakultetning 1-bosqich talabasi Shahnoza I.,ni psixologiya fanidan oraliq nazorati imtihonini ijobiy hal qilishi va uni yakuniy imtihonga kiritishi evaziga 500 AQSH dollar pullarni tadbir ishtirokchisi B.B.,dan olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davomida, Sherzod P., dan 500 AQSH dollar pul mablag‘lari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Sherzod P.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Firibgarlik, ya’ni xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi