Samarqanddagi tug‘ruqxonada ona va bola vafot etdi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘uruq uchun olib kelingan ayol vafot etgani hamda homilasi nobud bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, fuqaro N.E. joriy yilning 10 aprel kuni Ishtixon tuman markaziy shifoxonasi tug‘uruq bo‘limiga qorin va bel sohasidagi og‘riqlar bilan murojaat qilgan. Tibbiy tekshiruv natijasida qog‘onoq suvlari xiralashgani hamda homilaning yurak urishida keskin o‘zgarishlar mavjudligi aniqlangan.

O‘z navbatida, bo‘lim mas’ul shifokorlari tomonidan bemor hamda uning yaqin qarindoshlariga shoshilinch ravishda kesarcha kesish jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarurligi tushuntirilishiga qaramasdan, bemorning yaqin qarindoshlari jarrohlik amaliyotiga rozi bo‘lmay, bemor Payariq tumani Chelak tug‘uruq bo‘limiga olib borilgan.

Bo‘lim tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra, bemorga homilaning antenatal o‘limi holati aniqlanganligi ma’lum qilinib, yashash joyidan tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi lozimligi haqida tavsiya berilgan.

Shundan so‘ng, bemor 2026 yilning 11 aprel kuni Ishtixon tuman Sog‘liqni saqlash bo‘limi markaziy shifoxonasiga homilaning antenatal o‘limi bilan murojaat qilgan va statsionar tartibda davo muolajalari o‘tkazishga kirishilgan.

Biroq, Ishtixon tuman Sog‘liqni saqlash bo‘limi tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, joriy yil 14 aprel kuni N.E. vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan N.E.ning o‘limi sababi hamda boshqa holatlarga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertiza va xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Samarqand filiali Kattaqo‘rg‘on shahar sud-tibbiy ekspertiza bo‘linmasining joriy yil 12 maydagi xulosasida “marhuma N.E.ning o‘limi o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi bilan kechgan o‘pka arteriyasi tromboemboliyasidan kelib chiqqanligi” haqida to‘xtamga kelingan.

Bundan tashqari, marhuma N.E.ning vafot etganligi holatida mas’ul shifokorlarning xatti-harakatlariga baho berish uchun Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Samarqand filialiga komission tartibda sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Bildirilishicha, hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Ishtixon tumani tibbiyot birlashmasida sunnat qilingan ikki bola vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand tug'ruqxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing