Samarqandda zaharlanganlar soni 26 nafarga yetdi
Jamiyat
−
09 Oktabr 2019
3413Avvalroq, Samarqand viloyatida 24 kishi ovqatdan zaharlangani haqida xabar bergan edik. Hozirda zaharlanganlar soni 26 nafarga yetdi. Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.
Joriy yil 7 oktyabr kuni soat 14:10 dan 8 oktyabr sooat 24:00 ga qadar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 26 nafar fuqaro ko‘ngil aynishi, qayd qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana haroratining ko‘tarilishi kabi shikoyatlar murojaat qilishgan.
Ular “Ovqat toksikoinfeksiyasi” birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, bemorlarga malakali shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan o‘tkazilgan birlamchi epidemiologik surishtiruv natijasida quyidagilar aniqlandi.
Shifoxonaga murojaat qilgan fuqarolar joriy yilning 6 oktyabr kuni soat 13:00 va 17:30 oralig‘ida Samarqand shahridagi Siyob dehqon bozori hududida joylashgan “Baxtiyor” MCHJga qarashli xot-dog tayyorlash shoxobchasidan xot-dog va shaurma mahsulotlarini iste’mol qilishgan. Mazkur shoxobcha o‘rganilganda, shoxobcha o‘z faoliyatini to‘xtatganligi va xot-dog mahsulotlari mavjud emasligi aniqlandi.
"Mutaxassislarimiz tomonidan mazkur xot-dog shoxobchasi atrofidagi xonadonlarda xot-dog va shaurma mahsulotlarini harid qilib, iste’mol qilgan fuqarolarni aniqlash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida tibbiyot xodimlarini jalb etgan holda, uyma-uy ko‘riklar tashkil etildi", deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov.
“Baxtiyor” MCHJda bir kunlik muddatda tekshirish o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakiliga tegishli hujjatlar to‘planib, buyurtma tayyorlandi.
Bemorlarning ahvoli, yakuniy tashxis hamda o‘tkazilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.
Ushbu vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qat’iy nazoratga olingan.
LiveBarchasi