Samarqandda YTH oqibatida 4 yoshli qiz vafot etdi
3-sahifa
−
08 Sentabr
7311Samarqand viloyatida “Jiguli” va Spark ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 4 yoshli qiz vafot etdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat Samarqand tumanining Qo‘shtamg‘ali mahallasidan o‘tuvchi M39 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. “VAZ-2107” avtomobili haydovchisi yo‘lda qayrilish mumkin bo‘lmagan joydan qayrilmoqchi bo‘lgan. Shu paytda Spark avtomashinasining yo‘liga chiqib ketgan va u bilan to‘qnashgan. Oqibatda “Jiguli” haydovchisining 2020 yilda tug‘ilgan qizi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Biroq o‘sha yerda vafot etgan.
“Qarama-qarshi yo‘lda, yo‘l belgisiga e’tibor bermasdan burilib, xatolikka yo‘l qo‘ydim. Ishimdan pushaymonman, boshqa qaytarmayman”, degan qizning otasi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida uchta avtomobil va avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgandi. Viloyatlararo qatnovchi Cobalt haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib kelib, qayrilayotgan Tracker’ga urilgan va aylanib ketgan. Oqibatda qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan Nexia-3 hamda avtobusning old qismiga urilgan. Hodisa sabab Cobalt yo‘lovchisi voqea joyida, haydovchi esa shifoxonada vafot etgandi.
LiveBarchasi