Samarqandda yosh bolani muntazam kaltaklab kelgan enaga qamaldi

Jamiyat

image

Samarqand viloyati Samarqand shahrida ma’lum pul evaziga o‘ziga ishonib topshirilgan murg‘ak go‘dakni muntazam ravishda kaltaklab kelgan enaga 5 yilga qamaldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, asli urgutlik 37 yoshli sudlanuvchi Samarqand shahrida o‘zi bilan birga ijara uyda yashagan tanishining farzandiga enagalik qilishga kelishgan. Buning evaziga ijara pulining yarmini to‘lashga kelishgan. Ona ishda bo‘lganida bolasiga qarab turishni va’da qilgan sudlanuvchi dugonasiga bergan so‘zining ustidan chiqmaydi. Sudlanuvchi hali voyaga yetmagan bolaning sho‘xliklarini ko‘tara olmagan va uni urib-do‘pposlab kelgan.

“Balki onasidagi alamimni undan olgim keldimi, balki farzandsizligim menga qarshi ta’sir qildimi, nega hammaga beradi, menga bermaydi, dedim. Hamma narsani o‘yladim. Bir marta urdim, lekin yaxshigina urdim. Qo‘lidan, qornidan chimchiladim, yuziga, dumbasiga urdim”, degan ayol sud zalida aybiga iqror bo‘lib.

Sudlanuvchi aybini yashirish maqsadida bolani davolab berish evaziga 500 ming so‘m berishini aytib, uni boshqa dugonasiga berib yuborgan. Ayol farzandi qiynalib nafas olayotganini ko‘rgach, uni shifoxonaga olib borgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasida bolaning chap yuz yonoq va burun sohalarida shilinma, ko‘krak va ikkala qo‘l-oyoqlarida jarohatlar aniqlangan.

Qovurg‘alarining sinishi kabi jarohatlar hayot uchun o‘ta xavfli bo‘lgan tan jarohatlar, deya baholangan va u o‘tmas jismlar ta’sirida yetkazilgani ko‘rsatilgan.

Sudlanuvchi ayol o‘z aybini bo‘yniga olib, agar dugonasining o‘rnida bo‘lganida u bu ishni qilgan kishini qamatish o‘rniga o‘ldirib yuborishini aytgan. Enaganing sodir etgan xatti-harakatlariga sudya tomonidan qonuniy baho berilib, Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat Samarqand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing