Samarqandda UNESCO’ning yangi Bosh direktori saylanadi

Jamiyat

image

Samarqand Birlashgan Millatlar Tashkilotining maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti – UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorlanmoqda. 30 oktyabrdan 13 noyabrgacha UNESCO Bosh konferensiyasi 40 yil ichida birinchi marta Parijdan tashqarida, bo‘lib ham O‘zbekistonda o‘tkaziladi.

Ushbu tadbir doirasida joriy yilning 6 noyabr kuni UNESCO Bosh direktori nomzodi tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan saylanadi. Bosh konferensiya tomonidan saylangandan so‘ng, nomzod noyabr oyining o‘rtalarida lavozimga kirishadi.

Hozirda UNESCO Bosh direktori sifatida Odri Azule ishlab kelmoqda. U bu lavozimni 2017 yilda egallagan va 2021 yilda ikkinchi muddatga saylangan. Odri Azule Fransiya sobiq madaniyat vaziri bo‘lib, teleradioeshittirish, kino va madaniy merosni himoya qilish sohasida tajribaga ega. Uning rahbarligida UNESCO bir nechta yirik loyihalarga, jumladan, "Mosul ruhini jonlantirish" tashabbusiga, qizlar uchun sifatli ta’limni targ‘ib qilishga va sun’iy intellekt etikasiga e’tibor qaratdi.

Joriy yilning 6 oktyabr kuni UNESCO Ijroiya Kengashi tomonidan Bosh direktor lavozimiga misrlik Xolid al-Ananiy nomzodi ko‘rsatildi  Al-Ananiy Parijda bo‘lib o‘tgan tashkilot ijroiya kengashi sessiyasida 58 ta ovozdan 55 tasini olib, hal qiluvchi g‘alabaga erishdi.

Uning yagona raqibi, Kongo Respublikasidan 69 yoshli Firmin Eduard Matoko ikkita ovoz oldi, AQSH esa ovoz berishda betaraf qoldi.

Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi al-Ananiyni “katta g‘alaba” bilan tabrikladi va saylovni “Misrning diplomatik va madaniy tarixiga hamda arab va Afrika xalqlarining yutuqlariga qo‘shilgan tarixiy g‘alaba” deb ta’rifladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu g‘alaba Misrning sivilizatsiya mavqeini aks ettiradi. Prezident as-Sisi al-Ananiy madaniy muloqotni mustahkamlashiga va global merosni himoya qilishiga ishonch bildirdi.

Al-Ananiyning nomzodi Samarqandda tashkilotning Bosh konferensiyasida barcha UNESCO a’zo davlatlari orasida ovozga qo‘yiladi. Bosh konferensiya tomonidan saylanganidan so‘ng, u noyabr oyining o‘rtalarida Odri Azulening o‘rnini egallaydi. Saylansa, uning vakolat muddati 2029 yilgacha davom etadi. Ushbu saylov bilan al-Ananiy UNESCO’ning 12-bosh direktori va tashkilotning 80 yillik tarixida ushbu lavozimni egallagan birinchi arab va ikkinchi afrikalik bo‘ladi.

Xolid Ahmad al-Ananiy 1971 yilda tug‘ilgan. Monpele Pol-Valeri universitetida (Fransiya) misrshunoslik bo‘yicha doktorlik darajasiga ega. U Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyini (2014-2016) va Qohiradagi Misr muzeyini (2015-2016) boshqargan. 2016 yildan 2022 yilgacha u Misr Arab Respublikasining qadimiy yodgorliklar vaziri, keyin esa turizm va qadimiy yodgorliklar vaziri lavozimlarida ishlagan.

U bir nechta xalqaro ilmiy jamiyatlarning a’zosi. 2024 yil noyabr oyida u Jahon turizm tashkiloti tomonidan madaniy turizm bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlandi va yaqinda Afrika Jahon merosi jamg‘armasining homiysi bo‘ldi. Xolid Ahmad al-Ananiy arab, fransuz va ingliz tillarini biladi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand BMT UNESCO

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing