Samarqandda o‘ndan ortiq noqonuniy qurilishlar aniqlandi

Jamiyat

image

Samarqand shahrida qurilayotgan o‘ndan ortiq binolar shaharsozlik hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmagan holda qurilayotgani aniqlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ga Samarqand viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi matbuot xizmati rahbari Sarvar Bobonazarov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan monitoring ishlari davomida birgina Samarqand shahrining o‘zida o‘ndan ortiq shaharsozlik hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmagan qurilishlar qilinayotgani aniqlangan. Jumladan:

Samarqand shahar Farhod ko‘chasi 2-manzilda fuqaro I.H. tomonidan qurilayotgan bino;

Samarqand shahar Gagarin ko‘chasi 36-manzilda "S.D.S.” MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy binosi;

Samarqand shahar Spitamenshoh ko‘chasi 264-manzilda "P.L.H." MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy binosi;

Samarqand shahar Bog‘dod ko‘chasi 26-manzilda "S.O.S." MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binosi;

Samarqand shahar Spitamenshoh ko‘chasi hududida fuqaro O‘.A. tomonidan qurilayotgan mehmonxona binosi;

Samarqand shahar M-37 magistral avtomobil yo‘li yoqasida "T.B.A." MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binosi;

Samarqand shahar M-37 magistral avtomobil yo‘li yoqasida “M.B." MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binosi;

Samarqand shahar Qorasuv massivida "S.T.S.I." MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binosi;

Samarqand shahar Qorasuv massivida “B." MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binosi;

Samarqand shahar Qorasuv massivida "S.R.S." MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binosi;

Samarqand shahar Ilg‘or ko‘chasi 25-manzilda "R.I." MCHJ tomonidan qurilayotgan turar-joy binolarining qurilishlari hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirilayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu qurilish o‘zboshimchalik bilan olib borilayotgani sababli, joriy yilning mart, may oylarida ogohlantirish xatlari, shu yilning 27 iyulida esa qurilishni to‘xtatish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan. Biroq shunga qaramasdan, qurilish ishlarini davom ettirgani sababli MCHJ rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan ma’muriy jazo qo‘llanilgan.

Turar joy binosidagi qurilish ishlarining sifati o‘rganilganda quruvchi tomonidan qator kamchiliklar ham qayd etilgan. Xususan, yopma temir beton plitalar montaj qilinganda oraliq masofasi loyihada 14 sm qoldirilishi ko‘rsatilgan, biroq joyida 5 sm masofa qoldirilgan. Qurilish materiallarini saqlash uchun maxsus omborxonalar tashkil qilinmagan, oqibatda armaturalar korroziyaga uchragan. Pardevorlarda terilgan gazobloklarning vertikal va gorizontal choklari qorishma bilan to‘liq to‘ldirilmagan, armaturalangan zilzilaga qarshi kamarlar ishchi loyiha asosida bajarilmagan.

Shuningdek, ob’ektga olib kelingan plitalarning sifati o‘rganilganda belgilangan talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.

Yuqoridagi qonun buzilish holatlari yuzasidan fuqaro va tadbirkorlarga yozma ko‘rsatmalar berilgan. Shaharsozlik hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilib, inspeksiya ro‘yxatidan o‘tkazilganiga qadar ob’ektlarda qurilish-montaj ishlari to‘xtatiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand noqonuniy qurilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing