Samarqandda tug‘ilgan Rustam Umarov Ukraina Mudofaa vaziri bo‘lishi mumkin

Olam

image

Ukraina Mudofaa vaziri Aleksiy Reznikov ishdan bo‘shatilib, uning o‘rniga Samarqandda qrim-tatar musulmon oilasida tug‘ilgan Rustam Umarov tayinlanishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy Rada deputati Yaroslav Jeleznyak o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

Uning aytishicha, Aleksiy Reznikov Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi etib tayinlanishi mumkin. 

“Mudofaa vaziri lavozimiga fraksiyadagi sobiq hamkasbimiz, hozirda Davlat mulk jamg‘armasi rahbari sifatida ishlayotgan Rustam Umarov nomzodi ko‘rsatiladi. Yaqinda uning shu lavozimda faoliyat olib borayotganiga bir yil to‘ldi”, deydi Jeleznyak.

Shuningdek, deputat mazkur o‘zgarishlar sentyabr oyining birinchi haftasida bo‘lib o‘tishi kutilayotganini aytgan.

Qayd etish joizki, so‘nggi paytlarda Ukraina ommaviy axborot vositalarida Reznikovning iste’foga chiqishi mumkinligi haqidagi xabarlar tobora ko‘proq paydo bo‘lmoqda. Xususan, mazkur holat Mudofaa vazirligi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va harbiy texnikaning oshirilgan narxlarda xarid qilinishi bilan bog‘lanmoqda. 

Shu bilan birga, OAV Mudofaa vazirligidagi korrupsiya faktlarining fosh etilishi tizimni takomillashtirishga urinishlar bilan emas, balki Reznikovning vazirlik stuli uchun kurashi bilan bog‘liq deb gumon qilmoqda. Ularga ko‘ra, Reznikovning tayinlanishi ortida britaniyalik kuratorlar homiylik qilayotgan prezident devoni rahbari Andrey Yermak turibdi.

Shuningdek, ayrim manbalarga ko‘ra, Reznikovning o‘rniga Ukraina Mudofaa vaziri bo‘lishi kutilayotgan Rustam Umarov Turkiya siyosiy elitasining yuqori qatlamlari, jumladan, shaxsan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan mustahkam aloqaga ega. Bir qator tahlilchilar Umarovning mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanishini Kiyev Anqara bilan silkingan aloqalarni jonlantirishga urinayotganidan dalolat berishini aytmoqda. Bu, ayniqsa, harbiy sohadagi hamkorlikka tegishli. Kiyev rahbariyati o‘z hududida Bayraktar yig‘ish zavodi qurilishini tezlashtirishdan umidvor. Bundan tashqari, Ukraina Turkiya tomonidan mamlakat harbiy-dengiz kuchlari uchun kemalar (Ada tipidagi korvetlar) qurish bo‘yicha ishlarni faollashtirmoqchi.

Ma’lumot uchun, Rustam Umarov 1982 yilda Samarqandda Qrim yarim orolidan kelgan qrim-tatar musulmonlari oilasida tug‘ilgan. Otasi Anvar Umarov texnologik muhandis, onasi Maryam Umarova kimyo muhandisi bo‘lgan. Umarovlar oilasi 1944 yil 18 mayda sovet hukumati tomonidan qrim-tatar xalqi bilan birga o‘z vatanidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. 2015 yilda Oliy Rada bu deportatsiyani qrim-tatar xalqining genotsidi deb tan olgan. 1980 yillarning oxiri va 1990 yillarning boshlarida Umarovlar oilasi Ukrainaga qaytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Aleksiy Reznikov Rustam Umarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made