Samarqandda shifokor haqoratlandi va kaltaklandi
Jamiyat
−
13 avgust 2019
6557Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida shifokor bemorning yaqinlari tomonidan kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi.
Qo‘shrabot tuman tibbiyot birlashmasida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan shifokorni bemorning yaqinlari kaltaklaganligi holatlari aks etgan materiallar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganildi.
SSV Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea joriy yilning 7 avgust kuni Qo‘shrabot tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasining qabul bo‘limida ro‘y berganligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, shu kuni soat 17:40 lar atrofida tuman markaziy shifoxonasining qabul bo‘limiga 1973 yilda tug‘ilgan M.S. shu tumanda yashovchi Bekzod va Mirolim ismli shaxslar tomonidan olib kelingan. Navbatchilikni o‘tayotgan terapevt shifokor Otabek Sirliboyev bemorga zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida nosilkani ko‘tarishda qatnashadi va bemorni olib kelgan ikki erkakning tibbiyot xodimlariga nisbatan aytilgan xaqoratli so‘zlarini eshitadi.
“Avvaliga ular barcha tibbiyot xodimlarini haqoratlashdi. “Yordam ko‘rsatayapmiz-ku, nimaga bunaqa haqoratlayapsiz vrachlarni” deganimdan so‘ng mening shaxsiyatimga teguvchi so‘zlar bilan yanada qattiqroq haqoratlab, meni ikkalasi bir vaqtning o‘zida baravariga urib-tepib ketishdi. O‘sha vaziyatda ular mast holatda edi. Men nima uchun haqorat eshitganligimni, nima sababdan tayoq yeganligimni umuman tushunmadim, deydi terapevt Otabek Sirliboyev.
Shu kuni IIB bo‘limiga xabar berilgan. Ular kelib jabrlanuvchidan tushuntirish xati olib ketishgan, xolos. Oradan deyarli olti kun o‘tib, voqea ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan keyingina, jarohatlarim bitay deganda IIB xodimlari kelib, meni sud-tibbiy ekspertizadan o‘tish uchun yuborishdi.
“Oxirgi bir oy ichida ijtimoiy tarmoqlarda Yo‘l-patrul xizmati xodimlaridan qochib ketgan bir qancha haydovchilar aks etgan videosi tarqalib ketdi. Ushbu holatlarning barchasida sho‘xlik qilib qochib ketgan haydovchilar zudlik bilan topilib, internet tarmoqlari orqali ular va ularning yaqin qarindoshlari YPX xodimlaridan kechirim so‘rattirilib, 15 sutka qamoq jazosiga tortilganligining guvohi bo‘ldik.
Xuddi shunday internet saytlarda ichki ishlar idorasi xodimiga bir tarsaki urgan qonunbuzarlar zudlik bilan ushlab keltirilib, darhol qamoqqa olinganligi va keyinchalik ular ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham tez-tez o‘qib turibmiz. Lekin ichki ishlar xodimlarining biz vrachlarga nisbatan sodir etilgan tajovuzlarga bo‘lgan bunday munosabati, sudning esa vrachlarga mushtumzo‘rlik qiladiganlarga judayam yengil jazo tayinlab kelishi tibbiyot xodimlarida chuqur taajjub uyg‘otmoqda. Axir biz ham ichki ishlar idorasi xodimiga o‘xshab xalqni xizmatini qilayapmizku. Bizning aybimiz nimada? Tibbiyot xodimlari bilan bog‘liq vaziyatlarda nega bunday sustkashlikka yo‘l qo‘yilishi kerak?”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Voqea sodir bo‘lgandan so‘ng jabrlanuvchi Otabek Sirliboyevga tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, dastlab markaziy shifoxonaning shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. Ayni paytda u boshi va ko‘z qismi jarohati bilan davolanishni davom ettirmoqda. Ahvoli o‘rtacha og‘irlikda. Bemorning ahvoli Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratida.
“Ma’lumot o‘rnida, shuni qayd etib o‘tish lozimki, yuqoridagi kabi shifokorlarni haqoratlab, ularga tajovuz qilish holatlari joriy yilning o‘tgan davri mobaynida, birgina Qo‘shrabot tumanida to‘rt marta kuzatildi. Mamlakatimiz bo‘yicha olganda esa bu raqamlar juda katta va ayanchli ahvolda”, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining yetakchi yuriskonsulti Sanobar Yusupova.
LiveBarchasi