Samarqandda sevgilisini o‘ldirgan erkak 17 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Samarqand viloyatida sevgilisini o‘ldirgan 28 yoshli erkak 17 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Sukut saqlama” loyihasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1996 yilda tug‘ilgan B.E. jabrlanuvchi R. bilan unashtirilgan. Ular 2023 yilda Telegram tarmog‘ida tanishgan, tez orada ularning do‘stona yozishmalari sevgi yozishmalariga aylangan. Shundan so‘ng ular uchrashishga qaror qilgan. Oxir-oqibatda sevishganlar unashtirilgan.

B.E.  bo‘lajak turmush o‘rtog‘ini rashk qilib, nazoratda saqlashga, doimo ko‘z o‘ngida ushlab turishga harakat qilgan. Ayol esa bundan norozi bo‘lgan.

Rashk ortidan kelib chiqqan doimiy janjal tufayli R. munosabatlarni buzishdan so‘z ochgan, bu esa erkakni g‘azablantirgan. Shunda erkak bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga o‘ldirish bilan tahdid qilib, jismoniy zo‘ravonlik ishlatgan va uni ta’qib qilgan.

Erkak qotillikka jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. U Samarqand shahridagi “Siyob” bozoridan oshxona pichog‘i sotib olgan. 2023 yil 7 aprel kuni B.E. qizning uyiga kelgan va uni uydan uzoqroqqa olib ketgan. Erkak oldindan yashirib qo‘ygan pichoq bilan qizning qorni va son qismiga bir nechta jarohatlar yetkazgan. Ayol qochishga harakat qilganda B.E. yanada g‘azablangan va u uning qo‘llari va bel qismiga bir necha marta pichoq sanchgan.

R. shifoxonaga yetib kelguncha yo‘lda vafot etgan. Jinoyat sodir etganidan keyin erkak ichki ishlar organlariga borib, qilmishiga iqror bo‘lgan.

Sudda B.E. o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, bu qilmishiga ayolning o‘zi aybdorligini, qo‘ng‘iroqlariga javob bermagani, unga e’tibor bermay, uni tashlab ketmoqchi bo‘lganini aytib, jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudi 2024 yil 13 sentyabrda B.E.ni Jinoyat kodeksining 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, shuningdek, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi va 17 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy rejimli koloniyada o‘tashga hukm qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand sevgilisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing