Samarqandda Putin vasiyligidagi xalqaro anjuman o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida “Valday” Xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi o‘tkaziladi. Ushbu anjuman muhim xalqaro ahamiyatga ega bo‘lib, rivojlangan davlatlarning e’tiborini O‘zbekistonga qaratadi.

“Valday” Xalqaro munozara klubi (XMK) Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Unda dunyoning yetakchi ilmiy-tahliliy markaz va universitetlari mutaxassislari, davlat va Hukumat rahbarlari ishtirok etadi.

“Valday” Xalqaro munozara klubi Osiyo konferensiyasi ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida o‘tkazilyapti. Samarqanddagi sessiyada dunyoning 10 ta mamlakatidan 40 nafardan ortiq ekspertning ishtirok etishi rejalashtirilyapti.

10 noyabr kuni ikki tomonlama O‘zbekiston-Rossiya yig‘ilishi, 11 noyabrda esa asosiy xalqaro anjuman o‘tkaziladi. Bu galgi konferensiyaning mavzusi – “Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizliklarning oldini olish bo‘yicha keng qamrovli hamkorlik”.

Konferensiyada mezbon sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Akmal Saidov qatnashadi.

Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi direktori Doniyor Qurbonov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro, iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Sherzod Abdullayevlar ekspertlar darajasida ishtirok etadi.

Ma’lumot uchun, “Valday“ munozara klubi 2004 yilda tuzilgan. Tuzilma taniqli xalqaro ekspertlarning rossiyalik olimlar, siyosatchilar va davlat arboblari bilan uchrashuvlari uchun qulay platforma sifatida qayd etiladi. Klubning bugungi kundagi faoliyati, asosan, global siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni tadqiq etishga yo‘naltirilgan. Tashkil etilgan kundan boshlab klub ishida 74 mamlakatdan mingdan ziyod ekspert qatnashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Valday xalqaro munozara klubi

Baholaganlar

94

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar