Samarqandda ota va onani 3 farzandi bilan o‘ldirganlar ustidan sud boshlandi

Jamiyat

image

Joriy yil 14 maydan 15 mayga o‘tar kechasi bir oilaning 5 a’zosi o‘ldirilib, jasadlar uyda turgan avtomobilga joylanib, boshqa tumanga tashlab ketilgani haqida xabar bergan edik. 

Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashagan, fermer xo‘jaligi ishchisi 1969 yilda tug‘ilgan A.Xalbayevni, uning turmush o‘rtog‘i 1974 yilda tug‘ilgan Z.Xalbayevani, farzandlari –1998 yilda tug‘ilgan J.Islomov, 2002 yilda tug‘ilgan A.Islomov va 2004 yilda tug‘ilgan O.Islomovni qasddan o‘ldirganlarga nisbatan bugun, 4 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida sud ishi boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. 

Sudlanuvchilar:

•    G‘olib Tashanov (1981 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati – o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta, oilali, uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz);

•    Jahongir Usmonov (1993 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati – o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, oilali, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz);

•    Shamshiddin Esonboyev (1995 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - o‘rta, uylanmagan, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz);

•    Xabibullo Nurmanov (1996 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati – o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, uylanmagan, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud boshlandi.

Mazkur jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Ikrom Muslimov raisligida hamda sudyalar O.Arabov va E.Ergashevdan iborat sud tarkibida ko‘rilmoqda.

Tergov yakuniga ko‘ra, sudlanuvchilar 2019 yil 14 maydan 15 may kuniga o‘tar kechasi Samarqand viloyati Ishtixon tumani “Chimqo‘rg‘on” MFY “Chimqo‘rg‘on” qishlog‘ida yashab kelgan A.Xalbayevning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, hujum qilib A.Xalbayevni, uning turmush o‘rtog‘i Z.Xalbayevani, farzandlari – J. Islomov, voyaga yetmagan A.Islomov va O.Islomovlarni qasddan o‘ldirishgan hamda 22 mln so‘m, 100 AQSH dollari va 600 ming so‘mlik Samsung rusumli uyali aloqa telefonini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilishgan. 

Shundan so‘ng, sudlanuvchilar sodir etgan jinoyatlarini yashirish maqsadida A.Xalbayev va uning oila a’zolarining murdalarini ko‘rpalarga o‘rab, uy hovlisida turgan Damas rusumli avtomashinaga joylashtirib, Qo‘shrabot tumanidagi “Oltin maydon” fermer xo‘jaligi hududidagi adirga tashlab ketishgan.

Bundan tashqari, G‘.Tashanov 2018 yilning bahorida o‘zi istiqomat qilib kelgan uyning tomorqasida o‘sib chiqqan taqiqlangan “ko‘knor” o‘simligini qonunga xilof ravishda yetishtirib, 2018 yil noyabr oyida quruq holdagi umumiy sof vazni 49,94 gramm bo‘lgan “ko‘knor” giyohvandlik vositasini J.Usmonovga qonunga xilof ravishda o‘tkazgan bo‘lsa, J.Usmonov ushbu giyohvandlik vositasini o‘z uyida o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda saqlab kelgan.

Sudlanuvchilar:

•    G‘.Tashanov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik), 267-moddasi (transport vositasini olib qochish), 270-moddasi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish)da; 

•    J.Usmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik), 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) va 276-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar)da;

•    Sh.Esonboyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik) va 267-moddasi (transport vositasini olib qochish)da;

•    X.Nurmanov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik) va 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.
 


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat Samarqand

Baholaganlar

83

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing