Samarqandda mast erkak o‘qituvchini kaltakladi (video)
3-sahifa
−
30 Oktabr 8260 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan fuqaro maktab o‘qituvchisini kaltaklagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Bildirilishicha, joriy yilning 27 oktyabr kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanida joylashgan 112-umumta’lim maktabida faoliyat yurituvchi o‘qituvchiga mast holatda bo‘lgan fuqaro hujum qilgan va maktab rahbariyati holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limiga xabar bergan.
Shundan so‘ng, o‘qituvchi tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
“Tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘qituvchining ahvolidan xabar olish maqsadida tibbiyot birlashmasiga borgan. Ayni paytda o‘qituvchining umumiy ahvoli yaxshi”, deyiladi xabarda.
Holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli surishtiruv ishlari boshlangan. Kelishmovchilik sababi haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi 41-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchi qizlari janjallashgan edi. Holat yuzasidan jarayonda ishtirok etgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan yig‘ilish o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borilgan hamda tuman IIB mas’ullari tomonidan jarayonda ishtirok etgan jami 12 nafar o‘quvchining ota-onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasiga (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) muvofiq mamuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi