Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari Mudofaa vazirlari uchrashdi
Olam
−
20 Oktabr 2025 3277 2 daqiqa
Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari Mudofaa vazirlari uchrashib, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda bugun, 20 oktyabr kuni Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-leytenant Shuhrat Xolmuhammedov Markaziy Osiyo davlatlari Mudofaa vazirlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazgan. Suhbatlar chog‘ida harbiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tayyorgarlik tizimini takomillashtirish, tajriba va amaliy bilim almashuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.

Bildirilishicha, uchrashuvning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, birlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladigan amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat bo‘lgan.

“Samimiy ruhda o‘tgan muloqotlar davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda yangi qadamlar qo‘yilishiga zamin yaratdi”, deyiladi xabarda.
Uchrashuvlarda tomonlar mamlakatlararo harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro terrorizmga qarshi kurashishda o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash hamda davlatlar o‘rtasida ishonchli va barqaror hamkorlik muhitini mustahkamlash masalalarida kelishuvlarga erishgan.

“Bunday amaliy tashabbuslar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tinchlik, birdamlik g‘oyalarining hayotiy ifodasidir. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi bunday do‘stona muloqot va hamjihatlik nafaqat mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlaydi, balki umumiy tinchlik, barqaror taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va razvedka xizmatlari rahbarlarining 21-majlisi bo‘lib o‘tgan edi. O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan ushbu tadbirda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning xavfsizlik organlari va razvedka xizmatlari rahbarlari ishtirok etgan.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025