Samarqandda ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan mahkum vafot etdi (video)
Jamiyat
−
01 noyabr 2022
15608Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan fuqaro shifoxonada vafot etdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, tumanning “Oytamg‘ali” mahalla fuqarolar yig‘inida yashagan fuqaro B.R. 2 nafar voyaga yetmagan farzandlariga aliment va moddiy ta’minot pullarini to‘lamasdan kelgan.
Unga nisbatan Oqdaryo tuman sudining qarori bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Fuqaro B.R. ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonaga 25 oktyabr kuni olib borilgan.
Maxsus qabulxona ichida fuqaro B.R. ruhiy holati yomonlashishi (tutqanog‘i tutib qolgan) oqibatida yiqilgan, bosh qismi xona ichidagi devor burchagiga urilib, tan jarohati olgan.
Shundan so‘ng, u bilan bir xonada saqlanayotgan shaxslar va maxsus qabulxona xodimlari unga zudlik bilan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatgan. Shuningdek, u Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialiga olib borilib, unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, u maxsus qabulxonaga keltirilgandan so‘ng ham xona ichida o‘ziga-o‘zi gapirib, ruhiyatida buzilish bo‘lgan. U maxsus qabulxona boshlig‘ining xatiga asosan viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasiga ruhiy holatini tekshirish uchun yuborilgan.
Shundan keyin, fuqaro 28 oktyabr kuni Urgut tumani "Halqobod” mahallasida joylashgan viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida vafot etgan.
Ayni damda holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, hozirda marhumning o‘limi sababiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi, IIB xodimlari va shifokorlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
LiveBarchasi