Samarqandda “Amerika orzusi”ni ro‘yobga chiqarmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
27 Sentabr 2023
5625Samarqandda fuqaroni Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament axborot xizmati ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, ayblanuvchi fuqaro Sh.A.ning ishonchiga kirib, 16 000 AQSH dollari evaziga uni Turkiya va Meksika orqali AQSHga yuborish uchun viza hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Shuningdek, firibgar Sh.A.dan kelishilgan pulning 7 500 AQSH dollarini oldindan berishini talab qilgan.
Departamentning Oqdaryo tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda samarqandlik firibgar oldindan kelishilgan 7 ming 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
“Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 2500 AQSH dollari evaziga Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga jo‘natishni va’da qilgan firibgarlar ushlangani haqida xabar bergan edik.
Akobir Sayidov