Samarqandda 7 gektar yashil maydon yo‘q bo‘lib ketdi

3-sahifa

image

Samarqand viloyatida ikkita holatda noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olganlar tabiatga 800 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni himoya qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.  

Qayd etilishicha, Qoradaryo daryosining Samarqand viloyatidan oqib o‘tuvchi Oqdaryo tumaniga tutash qismida bir guruh fuqarolar tomonidan tungi soat 02:00 da noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olinayotgani va holat joyiga yaqin tosh maydalash sexiga olib borilayotganligi ma’lum bo‘ldi. Oqibatda tabiatga 118 milliard so‘m zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 2 ta yuk tashuvchi transport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan.

Bundan tashqari, Zarafshon daryosining Samarqand viloyatidan oqib o‘tuvchi, Toyloq tumaniga tutash qismida ham bir guruh fuqarolar tomonidan tungi  soat 04:30 da Zarafshon daryosidan noqonuniy ravishda Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududidan 7 ta ekskavator va 25-30 ta yuk tashuvchi transport vositalaridan foydalangan holda qum-shag‘al qazib olinayotganligi hamda tosh maydalash sexlariga olib borilayotgani aniqlangan. Bu qonunbuzarlik oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar 708 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Holat bo‘yicha barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 3 dona yuk tashuvchi transport vositalari tegishli tartibda jarima maydoniga joylashtirilgan.

Dastlabki o‘rganishlar davomida aniqlanishicha, Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududida noqonuniy qazish ishlari doimiy ravishda olib borilgani sababli bog‘ hududida 7 gektar yashil maydon yo‘q bo‘lib ketgan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yilning 17 yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 14-sonli Farmoniga ko‘ra, 2024 yil 1 maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Moratoriy davrida qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida fuqaro tabiatga 700 milliard so‘m zarar yetkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand maydon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing