Samarqandda 55 yoshli ayol erini o‘ldirdi
3-sahifa
−
13 fevral 15897 2 daqiqa
Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida 55 yoshli ayol ichkilikka mukkasidan ketgan erini o‘ldirganlikda ayblanib, 12 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, erkak doimiy ravishda ichib yurgan, hech qayerda ishlamagan va ro‘zg‘orga umuman aralashmagan. Shu sababli er-xotin o‘rtasida doimiy janjal kelib chiqqan. Qotillik sodir bo‘lgan kuni ayol uyiga qaytganida uyda erining tanishlari bilan ziyofat qilib o‘tirganini ko‘rgan. U tanishlarini haydab yuborib, eri bilan janjallashgan. Oqibatda ayol turmush o‘rtog‘ining ko‘kragi va oyog‘iga pichoq sanchgan.
Erkak olgan jarohatlaridan vafot etgan. Ayol esa jinoyatini yashirishga urinib, erining qon tekkan kiyimini almashtirib qo‘ygan va marhumning tabiiy o‘lim oqibatida vafot etganini aytgan. Biroq huquq-tartibot idoralari xodimlari marhumning jasadini ko‘zdan kechirganda zo‘ravonlik izlarini topgan. Sud-tibbiy ekspertiza natijalari ham ayolning tabiiy o‘limi haqidagi so‘zini rad etgan. Shuningdek, ayol oliy ma’lumotli tibbiyot xodimi ekani ma’lum bo‘lgan.
Sud jarayonida prokuror ayolga 13 yil qamoq jazosi berilishini so‘ragan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudi ayolni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topib, 12 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida xotinini o‘ldirishda gumonlangan erkak ushlangandi.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva