Samarqandda 5 kun davomida ayrim yo‘llarda harakat cheklanadi
Jamiyat
−
10:57 1153 2 daqiqa
Samarqand shahrida xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan 18–22 oktyabr kunlari shaharga kirish yo‘llari va ayrim ko‘chalarda transport vositalari harakati vaqti-vaqti bilan cheklanadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 19–20 oktyabr kunlari Samarqandda Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlarining C5+1 formatidagi uchrashuvi, 21–22 oktyabr kunlari esa bolalar farovonligi va kelajagiga bag‘ishlangan global sammit bo‘lib o‘tadi. Tadbirlar doirasida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan mehmonlar kelishi kutilmoqda.
Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida shaharga kirish yo‘llari hamda quyidagi ko‘chalarda transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi:
- Ibn Sino;
- Bo‘stonsaroy;
- Universitet xiyoboni;
- Registon;
- Afrosiyob;
- Namozgoh;
- Sadriddin Ayniy;
- Shohbot;
- Usta Umar Jo‘raqulov;
- Shohizinda;
- Mirzo Ulug‘bek;
- Beruniy;
- Dog‘bit;
- Rudakiy;
- Gulobod;
- Oydin yo‘li.
Ma’lum qilinishicha, harakat cheklovlari vaqtida aylanma va muqobil yo‘nalishlar tashkil etiladi. Favqulodda xizmatlar transport vositalari uchun cheklovlar tatbiq etilmaydi. Viloyat hududi orqali tranzit harakatlanadigan transport vositalari ham muqobil yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi.
Fuqarolardan vaqtinchalik noqulayliklarni tushunish bilan qabul qilish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlayotgan mas’ul xodimlarning ko‘rsatmalariga rioya etish so‘raldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Samarqand (O‘zbekiston), Mumbay (Hindiston) va Jamnagar (Hindiston) shaharlariga tashrif buyurishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi.
AQSH Davlat kotibi ertaga, 19 oktyabr kuni Samarqandda C5 guruhiga kiruvchi barcha mamlakatlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iz Respublikasining yuqori lavozimli rasmiylari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Ushbu tashrif davomida Rubio 200 dan ortiq biznes yetakchilaridan iborat AQSH tijorat delegatsiyasiga boshchilik qiladi.
Live
Barchasi