Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Makkada YTHga uchradi (video)
Jamiyat
−
17 iyul 2023
39562Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov haj safarida avtohalokatga uchradi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy Telegram-kanalida uning o‘g‘li tomonidan yo‘llangan videomurojaatda ma’lum qilindi.
Aytilishicha, Zayniddin Eshonqulov haqiqatan ham avtohalokatga uchragan, ammo u haqida tarqagan boshqa har qanday xabarlar yolg‘on.
Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlarda viloyat bosh imom-xatibi YTHga uchragani va uni davolatish uchun yetarli mablag‘ bo‘lmagani sabab odamlardan pul yig‘ilayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Eshonqulovning hozir Haj safarida u bilan birga bo‘lib turgan o‘g‘liga ko‘ra, otasining ahvoli yaxshi va atrofdagilar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.
“Ushbu videomurojaatni 2023 yil Makka shahridan olyapman. Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulovning farzandi, ismim Nurimom, Toshkent shahri hojilariga ellikboshi sifatida hajga kelgan edim. Allohning sinovi bo‘lib otamni avtomashina turtib yubordi. Internet tarmoqlarida har xil yolg‘on, bo‘rttirilgan xabarlar tarqatilmoqda. Otamning ahvoli ancha yaxshi. Doimo suhbatlashib turibmiz, muloqotdamiz”, deydi Samarqand viloyati bosh imom-xatibining o‘g‘li.
Shuningdek, u ijtimoiy tarmoqlarda tarqayotgan yolg‘on ma’lumotlarga aldanib qolmaslikka chaqirgan.
“Diniy idoramiz rahbariyati, diniy qo‘mita rahbariyati, qolaversa, Makka shahridagi ishchi guruh doimo hol-ahvol so‘rab, nazorat qilib turibdi. Internetda otamning sog‘liqlari uchun pul yig‘ilgani haqida ma’lumot tarqatilibdi, bu mutlaqo haqiqatga zid. Ikki davlat kelishuvlariga asosan har bir muolaja mutlaqo bepul tarzda amalga oshirilmoqda. Otamning ahvollari juda yaxshi. Inshaalloh, oxirgi reyslarga javob berishdi vrachlar”, deydi Nurimom.