Samarqand va Jizzaxda sel qancha xonadonni vayron qilgani aytildi

Jamiyat

image

Kecha, 20 aprel kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik natijasida sel oqimlari va toshqin suvlari yuzaga kelgandi. O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 20 aprel kuni Samarqand va Jizzax viloyatlarida bir soat-u o‘ttiz daqiqada yog‘ib o‘tgan yomg‘ir bir oylik yog‘ingarchilik miqdorini tashkil etgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi sel oqibatlari haqida ma’lumot berdi.

Kuchli yog‘ingarchilik oqibatlarini bartaraf etishda amaliy yordam so‘rab, Samarqand viloyatidan 222 ta, Jizzax viloyatidan 14 ta, Navoiy viloyatidan 10 ta, Qashqadaryo viloyatidan 1 ta jami 280 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Barcha murojaatlar bo‘yicha, jumladan,  sel oqimlari, suv toshqinlari va ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun yong‘in-qutqaruv bo‘linmalaridan 92 ta maxsus texnika, 20 ta motopompa hamda 758 nafar qutqaruvchi jalb etilgan.

Ma’lum qilinishicha, yomg‘ir va oqava suvlar Samarqand shahrining 5 ta shohko‘chasidan o‘tuvchi avtomobillar qatnov qismida, 54 ta ichki ko‘chalar atrofidagi irrigatsiya tarmoqlarida, 20 dan ortiq ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari va atrofida, 84 ta yakka tartibdagi turar joy binolarining yerto‘lalari va hovlilarida, 5 ta umumta’lim (9, 29, 39, 75-son umumtalim, 1 ta ixtisoslashgan) maktablar va Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi “Ko‘zmunchoq” nomli MTM hovlilari hamda Narpay ko‘chasidagi “Muz saroyi” binosi ostidagi avtoturargohda to‘plangan.

Yomg‘ir suvlari Samarqand tumanining 4 ta mahallasida kuzatilib, Bulung‘ur tumani “G‘ubdin” qishlog‘i hududidan o‘tuvchi M-39 “Olma-ota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz” avtomobil yo‘lining 1046 km.da o‘rnatilgan d=1500 suv o‘tkazish quvuriga sig‘masdan yo‘l qatnov qismining bir tomonida yig‘ilib qolgan.

Yuzaga kelgan holat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalaridan 144 nafar shaxsiy tarkib, 17 ta yong‘in-qutqaruv texnikasi, 11 ta motopompa hamda “Samarqand suv ta’minot” MCHJdan 6 ta maxsus texnika, 14 nafar ishchi-xodim jalb qilingan.

Jizzax viloyatida ham sel aholi xonadonlari va infratuzilma ob’ektlariga jiddiy talafot yetkazgan. Xususan, Forish tumanining tog‘li hududlari va adirliklarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida sodir bo‘lgan sel oqimi “Egizbuloq” MFYda joylashgan 260 ta xo‘jalikdan o‘tib, ularning 53 tasiga to‘liq talofat yetkazgan, 44 tasi o‘rta va 163 tasi yengil darajada talofat ko‘rgan. Qutqaruvchilar tomonidan 6 nafar fuqaro sel oqimlari ichidan qutqarilib, Forish tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Ushbu hududda shunday sel oqimlari bundan taxminan 80 yillar avval kuzatilgan.

Sel oqimi 15-son umumta’lim maktabi va 9-son maktabgacha ta’lim muassasasi hududiga (binolarning 1-qavatiga) ham kirgan. 1,5 km. ichki yo‘llarga sel suvlari toshishi oqibatida transport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Yuzaga kelgan sel oqimi natijasida “Egizbuloq” MFYda joylashgan 25 ta xo‘jalikda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq fuqarolar vaqtinchalik yashash uchun yaqin qarindoshlarining uylariga ko‘chirib o‘tkazilib, ular uchun tuman hokimligi tomonidan hayotiy zarur mahsulotlar zaxirasi tashkil etilgan.

Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlariga jami 520 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari, viloyat va tuman hokimligi mas’ul rahbarlari, FVDTning hududiy va quyi tizimlari xizmatlari ishchi-xizmatchilari hamda 54 ta maxsus texnika jalb etilgan.

Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida sel oqimlari o‘z yo‘lidan oqib o‘tgan. Sel hududlardagi aholi yashash xonadonlari va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlariga ziyon yetkazmagan.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati nazorati ostida davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

sel

Baholaganlar

263

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing