Qashqadaryoda sel Damas’ni oqizib ketdi. Yo‘lovchi halok bo‘ldi
3-sahifa
−
11:01 2647 1 daqiqa
Kecha, 13 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida sel oqimi Damas avtomobilini oqizib ketdi. Oqibatda avtomobil ichidagi yo‘lovchi halok bo‘ldi. Bu haqda Qashqadaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 17:30 larda tumanning tog‘li hududlarida qisqa muddatli kuchli yomg‘ir yoqqan. Oqibatda “Qo‘ng‘irot” mahallasining Shakarbuloq qishlog‘i hududidan sel oqimi o‘tgan.
Yo‘ldan adashgan Damas haydovchisi va uning hamrohi yo‘nalishni aniqlash uchun sel o‘tadigan hududda to‘xtagan. Shu payt avtomobil sirpanib, sel yo‘lining chuqurroq qismiga tushib ketgan.
Shundan so‘ng haydovchi mashinadan tushib, telefon orqali bog‘lanishga uringan va hamrohini sel kelayotgani haqida ogohlantirgan. Biroq sel oqimi Damas va uning ichidagi yo‘lovchini olib ketgan.
Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yo‘lovchining jasadi topilgan. Hodisa joyiga tuman hokimligi, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda ichki ishlar organlari mas’ullari jalb etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tog‘li hududlardagi kuchli yog‘ingarchiliklar sababli Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani hududidan oqib o‘tuvchi Obizarang daryosida suv oqimi keskin oshib, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘prik qulab tushgandi.
Live
Barchasi